Eldorda yulduzlik kasali yo‘q, Abbos esa chiroyli gol urdi — «Bashakshehir» murabbiyi

1-dekabr 2025 12:36 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Nuri Shahin / Foto: Spiegel

Turkiya Superligasining 14-turida «Kasimpasha» ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng «Istanbul Bashakshehir» bosh murabbiyi Nuri Shahin matbuot anjumanida qatnashdi.

Nuri Shahin mazkur g‘alaba «Trabzonspor»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin jamoa uchun muhim ahamiyat kasb etganini ma’lum qildi. Murabbiy O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Eldor Shomurodovning insoniy fazilatlariga to‘xtalib, unda yulduzlik kasali yo‘qligini ta’kidladi.

Foto: Istanbul Boshakshehir

«U judayam professional va o‘ta kamtar yigit. Unda yulduzlik kasali yo‘q. Yaratgandan u istagan barcha narsalarga erishishini tilayman», – dedi mutaxassis.

Uchrashuvda jarima zarbasidan gol urgan Abbosbek Fayzullayevning harakatlari ham e’tibordan chetda qolmadi. Shahin yosh yarim himoyachining jarohatlardan keyingi tiklanish jarayonini boshdan kechirayotganini aytib o‘tdi.

Foto: Istanbul Boshakshehir

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, Abbosbek va jamoadoshi Amine Harit o‘yin taqdirini o‘zgartira oladigan iqtidor egalaridir. Mutaxassis Fayzullayevning qishki tanaffusdan so‘ng to‘liq sport formasiga qaytishiga va jamoa kutgan yuqori darajaga chiqishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov Turkiya chempionati to‘purarlar ro‘yxatida 2-o‘rinda bormoqda. Futbolchi 14 o‘yinda 10 ta gol kiritishga erishdi. Shulardan 1 tasi penaltidan urgan. Birinchi o‘rinda esa Pol Onuachu bormoqda. Uning hisobida 11 ta gol bor bo‘lib, 4 tasi 11 metrlik jarima zarbasidan kiritilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodov gol urgan o‘yinda «Bashakshehir» mag‘lubiyatga uchragani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek