
«Istisno usuli» («Eojjeolsugaeopda») filmi 2025-yilning avgustida (O‘zbekistonda 4-dekabr) premyera qilingan kriminal drama-komediya va triller janrlarini birlashtirgan Fransiya–Koreya qo‘shma filmi.
Kartinaning rejissori Pak Chan Uk. Syujet markazida uzoq muddat o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmay yurgan oddiy bir erkak. Davom etayotgan muvaffaqiyatsizliklar bosimi ostida u asta-sekin ruhiy chegaradan o‘tib, ekstremal choralar ko‘rishga qaror qiladi. Uning hayotdagi tushkunligi uni jinoyatga yo‘naltirgan sari, voqealar komedik vaziyatlar, keskin dramatik to‘qnashuvlar va ruhiy tushkunlik bilan qorishib boradi.
Filmning asosiy kuchi aktyorlar jamoasining yuksak mahoratida. Bosh rolni Koreya kino yulduzi Li Byonxon ijro etadi. U o‘z obrazida jamiyatdan ajralib qolgan, bosim ostida ezilgan, shu bilan birga, ichki portlashga tayyor odamning murakkab psixologik holatini juda ishonarli tasvirlaydi. Li Sonmi, Yom Xyoran, Son Yo Jin kabi aktyorlar syujetni yanada boyitib, filmga kuchli dramatik dinamika beradi.
Kartina janrlar aralashmasi bilan ajralib turadi. Unda kriminal mistika, qora hazil, ruhiy triller va ijtimoiy drama uyg‘unlashgan. Rejissor tomoshabinni doimiy ravishda noaniqlik holatida ushlab turadi, qahramonning har bir qarori izchil psixologik motivatsiya va kutilmagan oqibatlarga ega. Voqealar rivoji davomida film jamiyat bosimi, iqtisodiy qiyinchiliklar va zamonaviy insonning ruhiy siqilishlari kabi dolzarb mavzularni ko‘taradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Mening sirli Santam» filmi haqida ma’lumot bergandi.