
Apple tomonidan 2026-yil boshida taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 17e smartfonining dizayni boshqa modellarga nisbatan sezilarli darajada yangilanadi.
Eng katta o‘zgarish ekran dizaynida bo‘ladi. iPhone 17e yupqaroq ramkalarga ega bo‘ladi. Natijada telefon ancha zamonaviy va qimmatroq ko‘rinishga chiqadi. Biroq ekran texnologiyasi avvalgidek qoladi. Qurilma iPhone 16e’da qo‘llanilgan LTPS OLED panelni saqlab qoladi. Bu esa yangilanish chastotasi 60 Hz atrofida qolishini anglatadi. Ya’ni Android’dagi ko‘plab budjet smartfonlarda mavjud bo‘lgan 120 Hz texnologiyasi bu modelda bo‘lmaydi.

Dizayndagi yupqa ramkalar ekran atrofidagi chegarani kichraytirib, telefonni oddiy xaridor ko‘zida ancha premium ko‘rsatadi. Apple aynan shu vizual effekt orqali texnologik cheklovlarni sezilmas darajaga pasaytirishni maqsad qilgan.
Hisobotga ko‘ra, ekran panellari bo‘yicha asosiy ta’minotchi sifatida Xitoyning BOE kompaniyasi tanlanadi. U Samsung Display va LG Display’ni ortda qoldirgan holda buyurtmalarning katta qismini olishi kutilmoqda. Apple 2026-yilning birinchi yarmida 8 million dona iPhone 17e jo‘natishni rejalashtirmoqda.
Texnik jihatdan iPhone 17e ancha kuchli bo‘ladi. Qurilma flagman modellar bilan bir xil bo‘lgan A19 protsessori asosida ishlaydi. Bu chip iPhone 17 seriyasining standart versiyalarida ham qo‘llaniladi. Natijada budjet modeli ham so‘nggi iOS funksiyalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va sun’iy intellekt imkoniyatlarida keng zaxiraga ega bo‘ladi.

Kamera bo‘yicha ham sezilarli yangilanish kutilmoqda. Old kamera iPhone 17 oilasida joriy etilgan 18 megapikselli yangi sensorni oladi. Bu selfi, videomuloqot va ijtimoiy tarmoqlar uchun sifatni ancha oshiradi. Orqa kamera esa avvalgi modeldagi ishonchli 48 megapikselli sensor bilan qoladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Apple bir nechta qurilmalarni eskirgan va foydalanish muddati tugagan toifasiga kiritgani haqida yozgan edi.