GWM Ora 5 elektromobili Xitoyda sotuvga chiqdi

17-dekabr 2025 12:34 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: CarNewsChina

Great Wall Motor Xitoy bozorida Ora 5 elektromobilini rasman sotuvga chiqardi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Modelning boshlang‘ich narxi 99 800 yuan, ya’ni $14,1 ming etib belgilandi. Ora 5 4,4 metrli besh o‘rindiqli shahar krossoveri hisoblanadi. Avtomobil 150 kVt quvvatga ega elektromotor bilan jihozlangan. Bu 201 ot kuchiga teng. Yurish masofasi maksimal 580 kmni tashkil etadi.

Ora brendi 2018-yilda GWM tarkibida elektromobil yo‘nalishi sifatida ishga tushirilgan. Biroq so‘nggi yillarda savdolar pasaygan. 2025-yil yanvar – noyabr oylarida Xitoyda 27 958 dona avtomobil sotilgan. Bu bir yil oldingiga nisbatan 38,7 foizga kam.

16-dekabr kuni kompaniya Ora brendini qayta ishga tushirishini e’lon qildi. Endi u nafaqat elektromobillar, balki gibrid, plug-in gibrid va benzinli modellarni ham taklif etadi. Ora 5 ushbu yangi bosqichdagi birinchi model bo‘ldi.

Dizayn jihatdan Ora 5 ko‘plab bozorlarda sotilayotgan Ora 03 modeliga o‘xshaydi. Ammo u kattaroq va krossover sifatida joylashtirilgan. Kuzov o‘lchamlari 4 471 mm uzunlik, 1 833 mm kenglik va 1 641 mm balandlikni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2 720 mm.

Foto: CarNewsChina

Salon 15,6 dyuymli sensorli ekran va 10,25 dyuymli raqamli panel bilan jihozlangan. Multimedia tizimi Coffee OS 3 asosida ishlaydi. Simsiz quvvatlash, ovozli boshqaruv va jismoniy tugmalar ham mavjud. Uzatma selektori rul ustuniga joylashtirilgan.

Ora 5 hozircha faqat BEV versiyada sotilmoqda. Model 45,3 yoki 58,3 kVt/soat sig‘imli LFP batareyalar bilan taklif etiladi. Kichik batareya bilan yurish masofasi 480 km, katta batareya bilan esa 580 kmni tashkil etadi.

Kelajakda model gibrid va benzinli versiyalarda ham chiqariladi. Gibrid variant 1,5 litrli turbomotor va elektromotor bilan jihozlanadi. Umumiy quvvat 240 ot kuchiga teng bo‘ladi. Benzinli versiya esa 174 ot kuchiga ega 1,5 litrli dvigatel va 7 pog‘onali DCT uzatma bilan taklif etiladi.

Xitoyda Ora 5 BEV besh xil komplektatsiyada sotiladi. Ayrim yuqori versiyalar LiDAR datchiklari bilan jihozlangan. Narxlar $14,1 mingdan $18,9 minggacha yetadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan GWM Ora 5 avtomobili oldindan savdoga chiqarilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek