
Xitoyda Hongqi brendi o‘zining yangi gibrid krossoveri Hongqi HS6 PHEV modelini rasman savdoga chiqardi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.
Model uch xil komplektatsiyada taklif qilinadi. HS6 PHEV kompaniyaning Hongqi Honghu platformasida ishlab chiqilgan. Mashina to‘liq elektrda maksimal 248 km masofa bosishi, umumiy yurish zaxirasi esa gibrid tizimi hisobiga 1650 km gacha yetishi aytilmoqda.

Krossover o‘ziga xos Hongqi dizayn falsafasi bilan ajraladi. Katta radiator panjarasi brendning 1950-yillardagi tarixiy modellarini eslatadi. Tashqi ko‘rinishda qoraytirilgan LED optika, xrom elementlar va to‘rt xil kuzov rangidan foydalanilgan.
O‘lchamlari: uzunligi 4925 mm, kengligi 1970 mm, balandligi 1740 mm. G‘ildirak bazasi 2925 mm bo‘lib, salon besh o‘rindiqqa mo‘ljallangan.
Ichki jihozlar orasida Qualcomm Snapdragon 8295P platformasidagi 15,6 dyuymli multimedia ekrani, 12 yoki 16 dinamikli audio tizim, old va orqa o‘rindiqlar uchun ventilyatsiya va isitish funksiyalari, shuningdek, ichki sovitkich mavjud.

Gibrid tizim 1,5 litrli ichki yonuv dvigateliga asoslangan. Bazaviy versiyada 228 ot kuchiga ega bir elektromotor qo‘llanadi. Eng yuqori versiyada esa ikki elektromotor o‘rnatilib, umumiy quvvati 501,7 ot kuchiga yetadi. Zaxira yurish masofasi batareya sig‘imi va privod turiga qarab farqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hongqi elektromobillari qattiq batareyalar bilan jihozlanishi kutilayotgani haqida yozgan edi.