Chery Exeed yangi elektromobillar qatorini taqdim etdi

23-dekabr 2025 14:31 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Chery

Chery Exeed brendi 22-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Brand Night tadbirida Exeed ES7 GT, Exeed ES8, Exeed ET8 va Exeed ET9 elektromobillarini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ilk model 10 oy ichida, qolgan uchta avtomobil esa keyingi 20 oy davomida bozorga chiqariladi. Yangi modellar bosqichma-bosqich Chery’ning Falcon ilg‘or haydovchiga yordam berish tizimi bilan jihozlanadi.

Ushbu tizim 2026-yilda Falcon 900 versiyasiga yetib, uchinchi darajali avtonom haydashni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Shuningdek, avtomobillarda 2026-yildan boshlab Rhino S to‘liq qattiq jismli, ya’ni solid-state batareyani sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Foto: Chery

Exeed ES7 GT brend tarixidagi ilk shooting brake kuzoviga ega model bo‘ladi. Avtomobil EREV kuch qurilmasi bilan jihozlanadi va uchta elektromotorga ega bo‘ladi. Natijada 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish 3 soniyadan kam vaqtni oladi. Modelning umumiy yurish masofasi 1 700 km atrofida bo‘lishi kutilmoqda. ES7 GT 1 000 V tezkor quvvatlash tizimini qo‘llab-quvvatlaydi va atigi 5 daqiqalik quvvatlash bilan 450 km masofani bosib o‘tish imkonini beradi.

Exeed ES8 ham shooting brake formatida ishlab chiqilgan bo‘lib, aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,22 Cd’ni tashkil etadi. Ushbu model Exeed’da ilk bor solid-state batareya bilan jihozlanishi kutilmoqda. To‘liq elektr rejimida yurish masofasi 1 000 kmga yetishi aytilmoqda. Texnik jihatdan ES8 ikki vektorli elektromotorlar, to‘liq boshqariladigan shassi, orqa g‘ildiraklarni burish tizimi va olti porshenli tormoz kaliperlariga ega bo‘ladi. Salonida 15,6 dyuymli markaziy ekran o‘rnatilib, u Qualcomm Snapdragon 8295 chipi va Huawei HarmonyOS ekotizimi asosida ishlaydi.

Foto: Chery

Exeed ET8 yirik o‘lchamli, olti o‘rindiqli SUV sifatida taqdim etildi. Model burchakli dizaynga ega bo‘lib, 4D mexanik massaj funksiyali o‘rindiqlar va 31 ta dinamikdan iborat Boya audio tizimi bilan jihozlanadi. Ushbu avtomobil qulaylik va oilaviy foydalanishga yo‘naltirilgan.

Flagman sifatida namoyish etilgan Exeed ET9 esa olti o‘rindiqli hashamatli SUV bo‘lib, orqa g‘ildiraklarni burish va tank burilishi funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Modelning muhim jihatlaridan biri — orqaga ochiladigan eshiklar va aylanuvchi o‘rindiqlardir. Shuningdek, ET9’da kislorod ishlab chiqarish funksiyasi ham bo‘lishi rejalashtirilgan. Orqa qismida esa yuqori va pastki qismlari alohida ochiladigan segmentli yukxona eshigi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery iCar V27 uchun oldindan buyurtmalar ochilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek