
Benedikt tuxumi — dunyo restoranlarida eng ko‘p buyurtma qilinadigan nonushtalardan biri. Pashot usulida pishirilgan tuxum, qarsildoq non va klassik gollandcha qayla uyg‘unligi bu taomni o‘ziga xos qiladi.
Ushbu retsept orqali Benedikt tuxumini uy sharoitida ham oson tayyorlash mumkin.
| Masalliq | Miqdori |
|---|---|
| Toster yoki baton non | 4 bo‘lak |
| Mol go‘shtidan vetchina yoki dudlangan go‘sht | 4 bo‘lak |
| Tuxum | 4 dona |
| 70%li sirka | 1 osh qoshiq |
| Tuz | Ta’bga ko‘ra |
| Murch | Ta’bga ko‘ra |
Gollandcha qayla (Hollandaise)
| Masalliq | Miqdori |
|---|---|
| Tuxum sarig‘i | 3 dona |
| Sariyog‘ | 150 gramm |
| Suv | 1 osh qoshiq |
| Limon sharbati | 1 osh qoshiq |
| Tuz | Bir chimdim |
Tayyorlash usuli
1-bosqich. Gollandcha qaylani tayyorlash
Sariyog‘ uch qismga bo‘linadi: 100 gramm va ikkita 25 grammli bo‘lak. 100 gramm sariyog‘ past olovda eritib olinadi. Tuxum sarig‘i shisha idishga solinib, taxminan 1 daqiqa davomida quyuqlashguncha ko‘pirtiriladi. So‘ng tuz va limon sharbati qo‘shilib, yana yarim daqiqa aralashtiriladi.
2-bosqich: Qaylani bug‘da quyuqlashtirish
Kichik sariyog‘ bo‘laklaridan biri qo‘shiladi va idish suv bug‘iga qo‘yiladi. Qayla quyuqlashib, kremsimon holatga kelguncha tinimsiz aralashtiriladi. Gazdan olingach, qolgan sariyog‘ bo‘lagi va eritilgan sariyog‘ qo‘shilib, yaxshilab aralashtiriladi. Oxirida tuz va murch sepiladi.
3-bosqich: Pashot tuxumini pishirish
Qozonga suv quyilib, 1 osh qoshiq sirka qo‘shiladi va suv qaynash darajasiga yetkaziladi. Tuxum alohida idishga chaqib olinadi va ehtiyotkorlik bilan suvga solinadi. Suv qattiq qaynab ketmasligi kerak. Tuxum 3–4 daqiqa davomida pishiriladi, so‘ng olib qog‘oz sochiq ustiga qo‘yiladi.
4-bosqich: Taqdim etish
Qizartirilgan non bo‘lagi ustiga vetchina qo‘yiladi. Uning ustiga pashot tuxumi joylashtiriladi va ustidan gollandcha qayla quyiladi. Taom issiq holda tortiladi.
Yoqimli ishtaha!