
Xitoyda Xiaomi kompaniyasi yangi flagman kamerafoni — Xiaomi 17 Ultra modelini rasman namoyish etdi. Bu haqda kompaniya ma’lum qildi.
17 Ultra asosiy kamerasi uchta moduldan iborat. Asosiy modulda yangi 1 dyuymli OmniVision OV50X sensori qo‘llangan. Unda LOFIC texnologiyasi ishlatiladi. Periskop telekamera 200 megapikselli Samsung HPE sensoriga ega. Optik formati 1/1,4 dyuym. Kamera 4,3 baravargacha uzluksiz zumni ta’minlaydi. Yuqori aniqlik tufayli 200 va 400 mm ekvivalent fokus masofasida suratga olish mumkin. Video yozish imkoniyati 4K 120 kadr soniyagacha yetadi.


Yangi model avvalgisidan ancha yupqaroq bo‘ldi. Korpus qalinligi 9,35 mm’dan 8,29 mm’gacha kamaydi. O‘lchamlari 162,9 × 77,6 × 8,29 mm. Smartfon to‘rt xil rangda chiqadi. Ulardan biri eksklyuziv — zumrad rang.
Model 6 800 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan.
Simli quvvatlash quvvati 90 Vt. Simsiz quvvatlash 50 Vt. Qurilma Qualcomm Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori asosida ishlaydi. Aloqa sifatini yaxshilash uchun Xiaomi’ning o‘z chiplaridan ham foydalanilgan. Model kompaniya tarixida birinchi bo‘lib tekis ekranli Ultra-flagman bo‘ldi. Displey diagonali 6,9 dyuym. Maksimal yorqinlik 3 500 nit.

Smartfon IP69 darajasida suv va changdan himoyalangan. NFC va UWB qo‘llab-quvvatlanadi. Xiaomi 17 Ultra’ni Xiaomi avtomobillari uchun raqamli kalit sifatida ham ishlatish mumkin.
Xitoy bozoridagi narxlar quyidagicha:
| Model konfiguratsiyasi | Narxi (AQSh dollarda) |
|---|---|
| 12/512 GB | $990 |
| 16/512 GB | $1 060 |
| 16 GB / 1 TB | $1 200 |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi 17 Ultra Leica Edition rasman tasdiqlangani haqida yozgan edi.