
Javohir Sindarov 2025-yilning oktabr oyida Hindiston mezbonlik qilgan shaxmat bo‘yicha Jahon kubogida g‘olib bo‘ldi va «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi» unvoni sohibiga aylandi. Kursiv Uzbekistan yosh grossmeyster bilan maxsus suhbat uyushtirdi. Sindarov shaxmat toji sari muhim qadam hisoblangan Nomzodlar turniri oldidagi hayajonli his-tuyg‘ulari va ulkan rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
— Hindistondagi Jahon kubogida g‘alaba qozonib, tarixdagi eng yosh chempion bo‘ldingiz. Finalda Vey Yi bilan bahsda psixologik ustunlikni qanday saqlab qola oldingiz?
— To‘g‘risi musobaqa juda ham qiyin kechdi, raqiblarim kuchli edi. Lekin shunga qaramasdan, ushbu musobaqaga tayyorgarligim yuqori darajada bo‘lgani uchun turnirni so‘nggi pallasigacha xotirjamlikni ushlab eng yaxshi o‘yinimni ko‘rsatishga harakat qildim.
Finalga keladigan bo‘lsak oxirgi o‘yinlarda o‘zimni erkin his etdim. Sababi nomzodlar turniriga oldindan yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edim va o‘zimga shunday dedim: «Har kun ham finalda kurashmaysan, keyinchalik afsuslanmaslik uchun bor kuchingni ushbu o‘yinlarga ber». Bu esa o‘z samarasini berdi, deb o‘ylayman.

— Jahon kubogi davomida mag‘lubiyat xavfini his qildingizmi? Bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutasiz?
— Musobaqa davomida, albatta, mag‘lubiyatdan qo‘rqib o‘ynaysan. Chunki bitta mag‘lubiyat turnirni tark etishni anglatadi, lekin tayyorgarligim yuqori darajada bo‘lgani uchun o‘zimga bo‘lgan ishonch juda katta edi.
— Sizning muvaffaqiyatlaringiz ortida kimlar turibdi? Murabbiy, tahlilchi yoki boshqa mutaxassislar bormi?
— Ko‘plab insonlar bor. Oilam, yaqinlarim, ustozlarim. Har bir insonning o‘ziga yarasha hissasi yetarlicha. Hammasiga o‘zimni minnatdorligimni bildiraman.
— Bugungi kunda O‘zbekistonda professional shaxmatchi bo‘lish moliyaviy jihatdan o‘zini qanchalik oqlaydi?
— Har bir sport turida bo‘lganidek, shaxmatning ham oziga yarasha qiyinchiligi bor. Agarda siz ushbu to‘siqlardan o‘tib, qaysidir darajaga chiqsangiz, menimcha hamma sohada zo‘r bo‘lasiz. Yurtimizda shaxmat uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan, Yurtboshimizga va Shaxmat federatsiyasiga o‘zimni chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
— Yirik turnirlardagi mukofot pullari shaxmatchining barcha xarajatlarini (safarlar, murabbiylar, tayyorgarlik) qoplashga yetadimi?
— To‘g‘risini aytsam, musobaqada ishtirokdan tashqari g‘alaba qozonish bor. Agar siz 2700+ shaxmatchi bo‘lsangiz sizda doimiy daromad bo‘ladi, lekin murabbiylar tayyorgarlik uchun homiy yoki davlat tomonidan e’tibor bo‘lmasa o‘sish menimcha juda qiyin.
— Shaxmatchining shaxsiy brendi uning daromadlariga va nufuzli turnirlarga taklif etilishiga qanchalik ta’sir qiladi?
— Menimcha birinchi darajada reyting bo‘lsa kerak. Keyin, albatta, ishtirokchilarni ko‘plab musobaqa tashkilotchilari yoshiga qarab, katta nufuzli musobaqalarda ishtirokiga qarab taklif qilishadi. Super musobaqalarda o‘ynash barqaror daromad kafolatidir.
— Shaxmatdagi strategik fikrlash hayotiy qarorlar qabul qilishingizda qanchalik yordam beradi?
— Endi bu savolga qandaydir javob berish qiyin, lekin mening fikrimcha hayotda qarorlar qabul qilishimga katta yordam bermasa kerak.
— Keyptaundagi turnirda Magnus Karlsenni mag‘lub etdingiz. Dunyoning birinchi raqamli shaxmatchisiga qarshi o‘ynashda qandaydir maxsus taktika qo‘lladingizni?

— Magnus bilan o‘yin, albatta, har doim o‘zgacha motivatsiya beradi. U bilan har bitta o‘yinda maksimal kurashishga harakat qilaman va unga qarshi bo‘lgan bahslarda ko‘p narsa o‘rganaman. 2025-yilning o‘zida uni ustidan ko‘plab g‘alaba qozondim, o‘ylaymanki 2026-yilda ham yanada ko‘proq g‘alaba qozonaman.
— 2026-yilgi Nomzodlar turniriga yo‘llanma oldingiz. Bu sizning karyerangizdagi eng muhim musobaqami?
— Men bitta turnir bilan karyeramni cheklab qo‘ymayman. Lekin albatta bu musobaqa – joriy yil uchun eng muhim turnir. Bu musobaqaga maksimal tayyorgarlikni boshladim, Xudo xohlasa eng yaxshi tayyorgarlikda kelishga harakat qilaman va g‘alaba qozonaman.