Chevrolet Sonic avtomobili qaysi davlatlarda sotiladi

13-yanvar 2026 11:29 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Depositphotos

General Motors 2027-yilgi Chevrolet Sonic avtomobili Janubiy Amerikada yanada ko‘proq davlatlarda taklif etilishini ma’lum qildi. Model avval Braziliyada taqdim etilgan edi.

Manbalarga ko‘ra, yangi Sonic krossoverining savdosi 2026-yil ikkinchi yarmidan boshlab Braziliyadan tashqaridagi bozorlarga ham yoyiladi. Braziliya mazkur model uchun asosiy ishlab chiqarish markazi va eng yirik savdo bozori bo‘lib qoladi. GM bu avtomobilni kelajakda Braziliyadan eng ko‘p eksport qilinadigan modellardan biriga aylantirmoqchi.

Foto: Chevrolet

Avvalo, Sonic krossoveri Mercosur hududiga kiruvchi davlatlarda paydo bo‘ladi. Gap Argentina, Paragvay va Urugvay haqida bormoqda. Ushbu davlatlar orasida Argentina modelni qabul qiladigan birinchi bozorlardan biri bo‘ladi.

Argentina bozorida This is Chevrolet marketing kampaniyasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda GM Argentina’ning Plan Chevrolet rahbari Martin Lyambi Sonic krossoveri yilning ikkinchi yarmida mamlakatda sotuvga chiqishini rasman tasdiqladi. Bu modelning Janubiy Amerika bo‘ylab kengayishi bo‘yicha ilk rasmiy bayonot hisoblanadi.

Foto: Chevrolet

Bundan tashqari, Chevrolet Sonic krossoveri bosqichma-bosqich boshqa davlatlarda ham paydo bo‘ladi. Rejalarga ko‘ra, u Chili, Kolumbiya, Peru, Ekvador va Boliviya kabi Tinch okeani mintaqasiga kiruvchi bozorlar uchun ham ko‘rib chiqilmoqda. Qaysi davlatlar yakuniy ro‘yxatga kirishi hozircha aniqlanmagan.

Yangi Chevrolet Sonic Braziliyada yaqin haftalarda rasman namoyish etilishi kutilmoqda. Model hatchbek asosidagi arzon krossoverlar segmentiga joylashtiriladi. Ushbu segment Braziliyada tez ommalashmoqda va boshqa mintaqalarda ham katta savdo salohiyatiga ega.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Sonic avtomobilining videosi chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek