
Xiaomi kompaniyasi Xiaomi 17 Max smartfonini taqdim etishni reja qilmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qurilma juda katta sig‘imli batareya bilan ajralib turadi.
Ma’lum qilinishicha, Xiaomi 17 Max 8 000 mA/soatli akkumulyatorga ega bo‘ladi. Qurilma 100 vattli simli va 50 vattli simsiz tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Taqqoslash uchun, Xiaomi 17 Pro Max modelida 7 500 mA·soatli batareya aynan shu zaryadlash imkoniyatlari bilan taqdim etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessorida ishlaydi. Qurilmada katta, ammo ramkalari juda ingichka bo‘lgan displey o‘rnatilishi kutilmoqda. Shuningdek, yangi periskop kamera taqdim etilishi aytilmoqda. Ushbu kamera hozirgi Xiaomi 17 Pro va 17 Pro Max modellaridagi kameralardan ham yaxshiroq bo‘lishi mumkin.
Yangi modelda Pro Max versiyasidagi kabi orqa displey bo‘lmaydi. Dizayn esa ko‘proq bazaviy Xiaomi 17 uslubiga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa qurilmani tashqi ko‘rinish jihatidan soddaroq, ammo ichki imkoniyatlari bo‘yicha juda kuchli flagmanga aylantirishi mumkin.

Xiaomi 17-seriyasi brend tarixidagi eng texnologik flagmanlardan biri sifatida shakllanmoqda. Ushbu liniyada bir nechta model bo‘lishi kutilmoqda va ular dizayn emas, asosan, ichki imkoniyatlari bilan farqlanadi. Xiaomi 17 seriyasi kuchli protsessorlar, katta sig‘imli batareyalar va kamera texnologiyasidagi yangiliklarga katta urg‘u beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, seriyaning yuqori modellari Snapdragon 8 Elite Gen 5 platformasida ishlaydi. Bu chip unumdorlik va energiya samaradorligi bo‘yicha sezilarli sakrashni ta’minlaydi. Aynan shu sababli Xiaomi 17 smartfonlari sun’iy intellektga asoslangan funksiyalar, mobil o‘yinlar va foto-video ishlov berishda yanada kuchliroq bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xiaomi SU7 yangi avlodi oldindan sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.