
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov nufuzli Titled Tuesday onlayn turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Umumiy mukofot jamg‘armasi $3 mingni tashkil etgan musobaqada 440 nafar ishtirokchi bellashdi.
Turnirda FIDE reytingi yetakchisi Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Yan Nepomnyashiy va Hikaru Nakamura kabi nomdor grossmeysterlar ishtirok etdi. Sindorov musobaqa davomida deyarli barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib, faqat vatandoshi Nodirbek Abdusattorov va perulik Renato Terri bilan durang o‘ynadi. Bu barqarorlik unga yakunda birinchi o‘rinni taqdim etdi.
Musobaqada qatnashgan boshqa o‘zbekistonlik shaxmatchilar ham yuqori natijalarni qayd etdi. Nodirbek Abdusattorov turnirni 5-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa-da, o‘zining azaliy raqibi Magnus Karlsenni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, yosh iqtidor egasi Miraziz Matyoqubov hindistonlik kuchli grossmeyster Arjun Erigaisini yengib, katta sensatsiya qayd etdi. Yakuniy jadvalda Nodirbek Yoqubov 27-o‘rinni, Shamsiddin Vohidov esa 30-o‘rinni band etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abdusattorov va Sindarov eng ko‘p daromad topgan shaxmatchilar o‘nligiga kirgani haqida xabar bergan edi.