AQShdagi sayohat taqiqlari «JCh — 2026» muxlislariga muammo tug‘dirishi mumkin

15-yanvar 2026 14:42 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: Markus Gilliar / Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan sayohat taqiqlari sababli Eron, Gaiti, Kot-d’Ivuar va Senegal muxlislari 2026-yilgi Jahon chempionati o‘yinlariga bora olmasligi mumkin. Bu haqda Fox News xabar berdi.

AQSh, Kanada va Meksikada o‘tadigan turnir 11-iyundan 19-iyulgacha davom etadi. Prezident ma’muriyati 30 dan ortiq davlat fuqarolariga to‘liq yoki qisman kirish taqiqlarini joriy qilgan bo‘lib, ulardan to‘rttasi turnir ishtirokchilaridir. O‘yinchilar va jamoa xodimlari uchun istisnolar mavjud bo‘lsa-da, oddiy muxlislar viza olishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

«Agar AQSh ayrim tashrif buyuruvchilarni kiritmasa, unda mamlakat Jahon chempionatini o‘tkazishga rozi bo‘lmasligi kerak edi. Har kim o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlay olishi uchun sharoit yaratish AQShning vazifasidir», – dedi Senegal termasi muxlisi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Donald Tramp futbol muxlislari uchun viza suhbatlarini tezlashtirishga mo‘ljallangan «FIFA Pass» tizimini e’lon qilgan edi. FIFA prezidenti Janni Infantino ushbu tizim orqali chipta sotib olgan haqiqiy futbol ixlosmandlari mamlakatga to‘siqsiz kirish imkoniga ega bo‘lishini ta’kidlagan. Ma’lumot uchun, 2022-yili Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatiga 3,4 mlndan ortiq tomoshabinlar tashrif buyurgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «JCh – 2026» chiptalariga talab rekord darajaga yetgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek