
Xiaomi kompaniyasi Xitoyda Redmi Turbo 5 Max smartfoniga oldindan buyurtmalar qabul qilishni boshladi. Bu haqda brendning Weibo‘dagi rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Oldindan buyurtma bergan yoki birinchi sotuv to‘lqinida smartfon sotib olgan foydalanuvchilar bir yil qo‘shimcha kafolatga ega bo‘ladi. Shuningdek, xaridorlar bir yil davomida qurilmani ta’mirlashsiz to‘liq almashtirish huquqiga ega bo‘ladi.

Redmi Turbo 5 Max dunyoda birinchi bo‘lib MediaTek Dimensity 9500s bir kristalli tizimi asosida ishlaydigan smartfon bo‘ladi. Qurilma AnTuTu testida 3,61 mln ball to‘plagan. Xiaomi China prezidenti Lu Veybinning aytishicha, avvallari bunday quvvatli chiplar faqat K-seriyadagi flagmanlarda qo‘llanilgan, endi esa yuqori unumdorlik o‘rta narx segmentiga ham kirib kelmoqda.
Xiaomi ma’lumotlariga ko‘ra, Redmi Turbo 5 Max narxi 2 500 yuan atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu taxminan $360 ga teng.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri bir qator Xiaomi va POCO smartfonlari yangilanish olmasligi mumkinligi haqida yozgan edi.