
iQOO kompaniyasi iQOO 15 seriyasiga kiruvchi navbatdagi modeli – iQOO 15R smartfoniga oid ilk rasmiy tizerlarni e’lon qildi. Qurilma yaqin vaqt ichida taqdim etilishi kutilmoqda.
Tizer iQOO India bosh direktori tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, unda smartfonning orqa kamera moduli aks etgan. Rasmga ko‘ra, LED chaqmoq kamera blokidan tashqarida joylashgan. Qurilmaning orqa paneli esa mat qoplamali, aniq ko‘rinib turuvchi katakli naqsh bilan ajralib turadi.
Yon qirralarning tekis shaklda bo‘lishi iQOO 15R tekis displeyga ega bo‘lishidan darak beradi. Tizerda smartfon OriginOS grafik interfeysi bilan ishlashi ham tasdiqlangan. Ushbu tizim Android 16 asosida bo‘lishi kutilmoqda.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, iQOO 15R Xitoy bozorida sotilayotgan iQOO Z11 Turbo‘ning qayta nomlangan versiyasi bo‘lishi mumkin. Agar bu tasdiqlansa, smartfon 6,59 dyuymli OLED displeyga ega bo‘ladi. Ekran 1,5K aniqlik va yuqori yangilanish chastotasini taklif qiladi.
Qurilmaning markaziy protsessori sifatida Qualcomm’ning Snapdragon 8 Gen 5 platformasi qo‘llanishi kutilmoqda. Smartfon LPDDR5x operativ xotira va UFS 4.1 tezkor ichki xotira bilan jihozlanadi.
Dastlabki baholarga ko‘ra, iQOO 15R narxi taxminan $550 atrofida bo‘ladi. Qurilmaning rasmiy taqdimot sanasi yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan iQOO Z11 Turbo smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.