
General Motors (GM) kompaniyasining Xitoydagi SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi 2026-yilgi Wuling Starlight 560 modelini rasmiy ravishda savdoga chiqardi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda. Krossover Xitoy bozorida yanada raqobatbardosh bo‘lishi uchun dastlab e’lon qilinganidan pastroq narxlarda taklif qilinayotir.
Model Xitoyda taqdim etilganiga bir oy bo‘lmasdan narxlar qayta ko‘rib chiqildi. Starlight 560 ixcham va o‘rta o‘lchamli SUV segmentiga mo‘ljallangan bo‘lib, kundalik harakatlanish va oilaviy safarlar uchun ishlab chiqilgan.

GM China ma’lumotiga ko‘ra, Wuling Starlight 560 burchakli va yo‘ltanlamas uslubidagi dizaynga ega. Salonida joydan samarali foydalanilgan. Model benzinli, PHEV va to‘liq elektr BEV uzatmalarini taklif qiladi.
2026-yilgi versiyada muhim yangiliklardan biri – yetti o‘rindiqli, uch qatorli kuzov varianti paydo bo‘ldi. Avval model faqat besh o‘rindiqli konfiguratsiyada taqdim etilgandi. Bu yechim katta oilalar ehtiyojini qondirishga qaratilgan.

Yangi krossover Xitoy bozorida ishlab chiqarishdan chiqarilgan Baojun 530 o‘rnini egallaydi. Kompaniya Starlight 560’ni platforma, dizayn va texnologiyalar bo‘yicha yanada pishiq mahsulot sifatida joylashtirmoqda. Ayniqsa, elektr va gibrid modifikatsiyalarga talab yuqori ekani qayd etilmoqda.
Narx:
| Model | Narx (yuan) | Taxminiy narx (AQSh dollarida) |
|---|---|---|
| Comfort | 59 800 yuan | $8,5 ming |
| Elite | 72 800 yuan | $10,45 ming |
| Luxury PHEV | 88 800 yuan | $12,75 ming |
| Luxury BEV | 98 800 yuan | $13,75 ming |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Matiz 2026 avtomobilida nimalar yangilangani haqida yozgan edi.