
Disney studiyasining «Hayvonlar shahri 2» multfilmi jahon prokatida $1,7 milliard daromad yig‘ib, Gollivud tarixidagi eng daromadli animatsion filmga aylandi. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.
Shu tariqa loyiha avvalgi yetakchi – «Boshqotirma 2» ($1,69 milliard) natijasini ortda qoldirdi. Film yuqori ko‘rsatkichlar hisobiga barcha davrlarning eng ko‘p daromad keltirgan filmlari reytingida to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarildi. Multfilm Shimoliy Amerikada $390 million, xalqaro bozorlarda esa $1,31 milliard daromad keltirdi.
Xitoy bozorida multfilm $619 million yig‘di. Noyabr oyida namoyishga chiqarilgan kartina dastlabki besh kunning o‘zidayoq $559,5 million daromad bilan animatsiya tarixidagi eng yaxshi start natijasini qayd etgan edi.
Syujetga ko‘ra, quyon Judi Xopps va tulki Nik Uayld hayvonlar shaharchasidagi sirli voqealar markaziga tushib, shahar taqdiriga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan jumboqni yechishga harakat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Hayvonlar shahri-2» filmi $1,49 mlrd bilan Walt Disney Animation tarixidagi eng yuqori daromad keltirgan filmga aylangani haqida yozgandi.