
Volkswagen kompaniyasi Xitoy bozorida Volkswagen Lavida sedanining 2026-yilgi versiyasini sotuvga chiqardi. Yangi model yangilangan opsiyalar to‘plami bilan birga nihoyatda past narxda taklif qilinmoqda. Aksiya doirasida avtomobilni 83,8 ming yuan, ya’ni taxminan $11,8 mingga xarid qilish mumkin.
Tashqi ko‘rinishda sedan deyarli o‘zgarmagan. Avtomobil uzunligi 4678 mm bo‘lib, o‘lchamlari jihatidan Volkswagen Jetta’ga juda yaqin. Salonida 8 dyuymli raqamli asboblar paneli va 12 dyuymli multimedia ekrani o‘rnatilgan. Yuqori komplektatsiyalarda ikkinchi darajali haydovchiga yordam tizimlari, jumladan, adaptiv kruiz-nazorat va harakat yo‘nalishini ushlab turish funksiyasi mavjud. Shuningdek, o‘rindiqlar isitish va elektr sozlash imkoniyatiga ega.

Texnik qismda ikki xil dvigatel taklif etiladi. Birinchi variant 1,5 litrli atmosferali motor bo‘lib, 110 ot kuchi ishlab chiqaradi va 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan juftlashtirilgan. Ikkinchi variant esa 1,5 TSI turbomotor bo‘lib, 160 ot kuchiga ega va 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatma bilan ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Volkswagen ID. Era 9X avtomobilining salon dizayni taqdim etilgani haqida yozgan edi.