Sergeli avtomobil bozorida narxlar qanday

21-yanvar 2026 12:04 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Sergeli avtomobil bozorida narxlar qanday?
Foto: You Tube / Fototahrir: Kursiv Uzbekistan

YouTube’dagi Xurshid Obzor kanali Sergeli avtomobil bozoridagi real savdoni o‘rganib chiqdi. Video asosida Kursiv Uzbekistan ikkilamchi bozordagi narxlar va holat bo‘yicha tahlil tayyorladi.

Sergeli bozorida bugun e’lonlarda ko‘rsatilgan narxlar bilan real savdo orasida sezilarli farq bor. Ko‘plab sotuvchilar yuqori narx qo‘yadi, ammo kelishuv jarayonida bu summalar pasaymoqda. Quyida eng ko‘p uchrayotgan modellarning bozordagi real holati keltiriladi.

Chevrolet Malibu

Foto: Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Malibu bozorda hanuz eng talabgir modellardan biri bo‘lib qolmoqda. 2013-yilgi, o‘rtacha 70 ming km yurgan Malibu’lar e’lonlarda $15 ming atrofida turibdi. Biroq real savdoda bunday avtomobillar $12 – 13 ming oralig‘ida ketmoqda. 2015-yilgi Malibu’lar esa nisbatan qimmatroq. Probegi 47 ming km bo‘lgan, rangi va texnik holati yaxshi variantlar uchun $14,5 – 15 ming so‘ralmoqda. Metan gaz o‘rnatilgan Malibu’lar ham talabda. 58 ming km yurgan, avtomat uzatmali variantlar $15 mingdan boshlanadi va kelishuv orqali $14 minggacha tushishi mumkin. Tejamkorlik omili bu modelga qiziqishni oshirmoqda.

Kia Sportage

Foto: Kia

Kia Sportage bozorda ishonchli krossover sifatida baholanmoqda. 2022-yilgi, to‘liq komplektatsiyadagi Sportage’lar 27 – 35 ming km probeg bilan sotuvga qo‘yilgan. Holati yaxshi, tashqi ko‘rinishi va salonida jiddiy kamchiliklar yo‘q. Ushbu model uchun $25 ming narx so‘ralmoqda.

Kia Sorento

Foto: Kia

Kia Sorento ham Sergeli bozorida yetarli. Asosan 2023-yilgi variantlar taklif qilinmoqda. Probegi kam, umumiy holati yaxshi bo‘lgan Sorento‘lar $33 ming atrofida baholanmoqda. Katta va qulay krossover izlayotganlar uchun bu model muqobil variant sifatida ko‘rilmoqda.

Xitoy avtomobillari orasida BYD gibrid modellariga qiziqish oshib bormoqda. 33 ming km yurgan gibrid variant uchun $17,8 ming so‘ralmoqda. Texnik holati yaxshi, tekshiruvdan qo‘rqmaydi. Arzonroq gibrid avtomobil izlayotgan xaridorlar ushbu modelni ko‘rib chiqmoqda.

Hyundai

Hyundai’ning propan gazli variantlari ham bozorda kam emas. 98 ming km yurgan avtomobillar $13 – 13,5 ming oralig‘ida taklif qilinmoqda. Gazda yurishi sababli ekspluatatsiya xarajatlari past bo‘lgani bu modellarga talabni saqlab turibdi.

Chevrolet Tracker

Foto: Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Tracker ikkilamchi bozorda hozir eng murakkab modellardan biri. Sababi rasmiy dilerlarda berilayotgan 30 – 40 mln so‘mlik chegirmalar ikkilamchi bozor narxlarini bosib yubordi. Shu bois 2023-yilgi, 40 ming km yurgan Tracker’lar $16 mingdan past narxda tushmayapti. Sotuvchilar jiddiy chegirmaga tayyor emas.

‼️Narxlari tushib qolar Sergeli moshina bozor narxlari Toshkent

Umuman olganda, Sergeli avtomobil bozorida narxlar keskin farqlanmoqda. E’lonlardagi raqamlar bilan real kelishuv summalari bir xil emas. Mutaxassislar shoshilmaslik, avtomobilni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish va kelishuvni puxta olib borishni tavsiya qiladi. Bozor harakatda, ammo haqiqiy foyda sabr bilan yondashgan xaridorlarga nasib etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri avvalroq yangi Matiz modeli haqida ham ma’lumot bergan edi.

Shuningdek