Ikki yil oldin faoliyati tugatilgan «Metallurg» klubi qayta tiklandi

23-yanvar 2026 18:03 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: FC Metallurg

2024-yil dekabr oyida faoliyati to‘xtatilgan Bekobodning «Metallurg» klubi rasman qayta tiklandi. Bu haqda klub ijtimoiy tarmoq orqali ma’lum qildi.

Bekobod shahrida bo‘lib o‘tgan taqdimot marosimida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, «O‘zmetkombinat» AJ rahbari Bahodir Abdullayev va boshqa rasmiylar ishtirok etdi. Tadbirda ta’kidlanishicha, klub nafaqat qayta tiklangan, balki yangi strategiya asosida ish boshlamoqda.

Foto: FC Metallurg

Tashkiliy o‘zgarishlarga ko‘ra, taniqli futbol mutaxassisi Ulug‘bek Mirzayev klub direktori etib tayinlandi. Jamoa boshqaruvini esa tajribali murabbiy Ilhom Mo‘minjonov o‘z qo‘liga oldi. «Metallurg» joriy mavsumda Pro ligada ishtirok etadi. Murabbiylar shtabi va rahbariyat oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa qisqa fursatda jamoani shakllantirib, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdan iborat.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Superliga Osiyoning eng qimmat 10 ta ligasi qatoridan joy olgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek