Sun’iy intellekt yaratgan TOP-10 serdaromad kasb

30-yanvar 2026 07:00 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Sun’iy intellekt yaratgan TOP-10 serdaromad kasb / Foto: LinkedIn

Sun’iy intellekt bugun nafaqat ish jarayonini tezlashtirmoqda, balki butunlay yangi kasblarni ham hayotga olib kirmoqda. U har bir sohani tubdan o‘zgartirib yubordi va global mehnat bozorida yangidan-yangi imkoniyatlar yaratdi. McKinsey ma’lumotlariga ko‘ra, SI 2030-yilga qadar dunyo bo‘ylab 50 mlngacha yangi ish o‘rinlarini yaratishi mumkin. Shu bois, SI sohasini tanlaganlar uchun bu yo‘l nafaqat daromad manbai, balki kelajakni yaratishga xizmat qiluvchi kasbga aylananadi. Ushbu maqolada SI rivojlanishi ortidan paydo bo‘lgan talabgir kasblar jamlandi.

Maqola quyidagi bo‘limlardan iborat:

  1. SI muhandisi
  2. Ma’lumotlar olimi
  3. Mashinali o‘qitish muhandisi
  4. NLP muhandisi
  5. SI mahsulot menejeri
  6. SI prompt muhandisi
  7. SI implementatsiya muhandisi
  8. SI auditor
  9. SI etikasi bo‘yicha mutaxassis
  10. SI videokontentlar yaratish
  11. SI kasblarni bepul o‘rgatuvchi onlayn kurslar

1. SI muhandisi

Foto: Sun’iy intellekt

SI muhandislari sun’iy intellekt tizimlarini yaratadi va modellarni biznes yoki mahsulotlarga integratsiya qiladi. O‘rganish vaqti odatda 1,5–3 yilni tashkil qiladi. Sohada bir necha kerakli dasturlardan tashqari matematik tahlil, neyron tarmoqlar hamda ingliz tilini bilish talab etiladi. O‘zbekistonda SI muhandislari tajriba va loyihaga qarab oyiga taxminan 10–25 mln so‘m atrofida daromad olishi mumkin.

Foto: Sun’iy intellekt

Sun’iy intellekt muhandislari IT kompaniyalari, banklar, kriptobirja va telekommunikatsiya sohalarida ishlamoqdalar. SI muhandislari loyihalarni ishlab chiqish, modellarni sinovdan o‘tkazish va optimallashtirish bilan ham shug‘ullanadi. Ular korxonalarga avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etishda yordam beradi va yangi SI yechimlarini real muhitga moslashtira oladilar.

2. Ma’lumotlar olimi (Data Scientist)

Foto: Sun’iy intellekt

Ma’lumotlar olimi (Data Scientist) katta hajmdagi ma’lumotlarni chuqur tahlil qilib, biznes uchun samarali va asosli qarorlar qabul qilishga yordam beradi. Bu kasbni egallash odatda 1,5–2,5 yilni talab qiladi. Zarur ko‘nikmalarga statistika, SQL, Python yoki R dasturlash tillari hamda ma’lumotlarni vizualizatsiya qilish kiradi.

Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda ma’lumotlar olimi banklar, sug‘urta kompaniyalari, savdo va logistika sohalarida faoliyat yuritishi mumkin. Soha vakillarining daromadi tajriba va loyihaga qarab oyiga 8–20 mln so‘mni tashkil etadi. Ular biznes jarayonlarini optimallashtirish, marketing strategiyalarini ishlab chiqish va risklarni baholashda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, SI modellaridan foydalangan holda ma’lumotlarni avtomatik tahlil qilishni amalga oshiradi.

3. Mashinali o‘qitish muhandisi (Machine Learning Engineer)

Foto: Sun’iy intellekt

Mashinali o‘qitish muhandisi kasbni o‘rganish odatda 2–3 yilni oladi. Zarur ko‘nikmalarga algoritmlar, neyron tarmoqlar va ma’lumotlar tizimlari kiradi. O‘zbekistonda bunday mutaxassislar oyiga 12–25 million so‘m daromad olishi mumkin. Ular startaplar, sog‘liqni saqlash, telekommunikatsiya, moliya va boshqa ko‘plab sohalarda talabgir hisoblanadi.

Foto: Sun’iy intellekt

Mashinali o‘qitish muhandislari avtomatlashtirilgan qaror qabul qilish tizimlarini ishlab chiqadi, prognozlash modellarini yaratadi va tahlil platformalarini optimallashtiradi. Shuningdek, ular tizimlarni real sharoitlarda sinovdan o‘tkazib, samaradorligini doimiy ravishda oshirib boradi.

4. NLP muhandisi (Natural Language Processing Engineer)

Foto: Sun’iy intellekt

NLP muhandislari tabiiy tilni qayta ishlash tizimlarini yaratadi, jumladan, chat-botlar va avtomatik tarjima vositalarini ishlab chiqadi. Ular foydalanuvchi tajribasini yaxshilash, chatbotlarni rivojlantirish hamda matnli ma’lumotlarni avtomatik qayta ishlashga qaratilgan loyihalarda faol ishlaydi. Shu bilan birga, ular tabiiy tilni tushunadigan tizimlarni sinovdan o‘tkazish va ularni samarali ishlashiga kafolat berish vazifasini ham bajaradilar.

Foto: Sun’iy intellekt

Ushbu kasbni o‘rganish odatda 1,5–3 yilni oladi. Ishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalar qatoriga lingvistika bilimlari va Python kutubxonalari, xususan SpaCy va NLTK kiradi. O‘zbekistonda NLP muhandislari oyiga taxminan 10–20 mln so‘m atrofida daromad olishlari mumkin. Bu kasbdagilar banklar, onlayn xizmatlar, davlat idoralari hamda IT startaplarda bemalol ishlashi mumkin.

5. SI mahsulot menejeri

Foto: Sun’iy intellekt

SI mahsulot menejerlari AI yechimlarini mahsulotlarga moslashtiradi, bozor talabini tahlil qiladi va foydalanuvchi tajribasini yaxshilashga qaratilgan strategiyalar ishlab chiqadi. Shu bilan birga, ular loyiha guruhini boshqaradi, resurslarni taqsimlaydi va loyihalarni rejalashtirish hamda joriy etish vazifalarini bajaradi.

Foto: Sun’iy intellekt

Ushbu kasbni o‘rganish odatda 1–2 yilni oladi. Ishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalar qatoriga mahsulot boshqaruvi, sun’iy intellekt konseptlarini tushunish va samarali kommunikatsiya kiradi. O‘zbekistonda SI mahsulot menejerlari oyiga taxminan 10–20 mln so‘m daromad olishlari mumkin. Ko’plab IT kompaniyalari, startaplar va moliya sektorlarida ularga ehtiyoj katta.

6. SI prompt muhandisi

Foto: Sun’iy intellekt

SI prompt muhandisligi generativ SI tizimlarida samarali so‘rovlar (promptlar) yaratish va natijalarni optimallashtirish bilan shug‘ullanadi. Kerakli ko‘nikmalar AI konseptlarini tushunish, Python va API ishlash, kommunikatsiya va mantiqiy fikrlashdan iborat. O‘zbekistonda prompt engineerlar IT kompaniyalarida, startaplarda, bank va moliya sektorlarida ishlashi mumkin. Ular AI tizimlaridan samarali foydalanish uchun so‘rovlarni yaratadi, natijalarni tahlil qiladi va foydalanuvchi talablariga moslashtiradi. Shu bilan birga, loyihalarni ishlab chiqish jarayonida texnik va biznes jamoalar bilan hamkorlik qiladi.

Foto: Sun’iy intellekt

SI prompt mutaxassislari sohani o‘rganish va tajriba orttirishga odatda 1–2 yil sarflaydi. Oylik daromad O‘zbekistonda tajribaga qarab taxminan 15–20 mln so‘m atrofida bo‘lishi mumkin. Ingliz tilini biluvchi mutaxassislar esa bemalol xorijiy kompaniyalarda onlayn ishlashlari ham mumkin. Kompaniyalar suhbat va talab asosida maosh belgilaydi. Odatda bundan mutaxxassislarga $2 mingdan yuqori oylik taklif etiladi.

7. SI implementatsiya muhandisi

Foto: Sun’iy intellekt

SI implementatsiya muhandisi ishlab chiqilgan sun’iy intellekt yechimlarini korxonalarga samarali joriy etadi va ularning barqaror ishlashini ta’minlaydi. U tizimlarni real muhitga joylashtiradi, optimallashtiradi hamda texnik qo‘llab-quvvatlashni amalga oshiradi.

Foto: Sun’iy intellekt

Zarur ko‘nikmalarga DevOps, dasturlash va tizim arxitekturasi kiradi. O‘zbekistonda bunday mutaxassislar IT va ishlab chiqarish kompaniyalarida ishlashi mumkin. Tajribaga qarab oylik daromad 12–25 mln so‘mni tashkil etadi. Bu kasbni egallash odatda 1,5–2,5 yil vaqtni olishi mumkin.

8. SI auditor / xavfsizlik mutaxassisi

Foto: Sun’iy intellekt

Bugungi kunda SI auditorlarga talab yuqori. Ular tizim xavfsizligi va ma’lumotlar maxfiyligini nazorat qiluvchi mutaxassis hisoblanadi. Ushbu kasbni o‘rganish odatda 1,5–3 yil davom etadi. Zarur ko‘nikmalar qatoriga kiberxavfsizlik asoslari va SI modellarining xavfsizligini baholash kiradi.

Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda SI auditorlar oyiga 8–20 mln so‘m atrofida daromad olishi mumkin. Ular banklar, IT kompaniyalari, davlat tizimlari va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yuritadi. Mutaxassislar SI tizimlarini audit qiladi, xavflarni oldindan aniqlaydi hamda ularning adolatli, qonuniy va xavfsiz ishlashini ta’minlaydi.

9. SI etikasi bo‘yicha mutaxassis

Foto: Sun’iy intellekt

Yana bir talabgir kasb — SI etikasi mutaxassisi sun’iy intellekt tizimlarining axloqiy va yuridik jihatlarini boshqaradi hamda ularning qonunlarga mos ishlashini ta’minlaydi. Ushbu kasbni o‘rganish odatda 1–1,5 yilni tashkil etadi. Kerakli ko‘nikmalar qatoriga etik normalar, ma’lumotlar huquqi va normativ hujjatlar bilan ishlash kiradi.

Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda SI etikasi mutaxassislari oyiga 8–15 mln so‘mdan boshlab daromad olishi mumkin. Ular davlat idoralari, yirik korporatsiyalar va IT kompaniyalarida faoliyat yuritadi. Mutaxassislar SI tizimlarining shaffof, adolatli va qonuniy ishlashini doimiy ravishda nazorat qiladi.

10. SI videokontentlar yaratish

Foto: Sun’iy intellekt

HH platformasida SI videokontent yaratuvchi mutaxassislar te-tez izlanadi. Ular videolarni loyihalash, matn va audio materiallarni birlashtirish hamda vizual effektlar qo‘llash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, reklama, ta’lim, media va onlayn platformalar uchun sifatli kontent tayyorlashlash ham ularning zimmasida. O‘rganish muddati odatda 1 yildan ziyod vaqtni olishi mumkin.

Foto: Sun’iy intellekt

Kerakli ko‘nikmalar qatoriga video tahrirlash, grafika dasturlari, SI vositalari va kreativ konsept yaratish ham kiradi. O‘zbekistonda SI videokontent yaratish mutaxassislari media kompaniyalar, reklama agentliklari va startaplarda ishlashi mumkin. Tajribaga qarab, ular oyiga 8–20 mln so‘m daromad olish imkoniyatiga ega. Bir vaqtning o‘zida bir necha joyda ishlab, daromadni yanada oshirish imkoni ham bor.

SI kasblarni bepul o‘rgatuvchi onlayn kurslar:

  1. Fliki by Amazon
  2. TCEA by Google
  3. Institut of Innovation
  4. Coursya
  5. CXO Tech
  6. LinkedIn
  7. Amaliytix
  8. Alison
  9. HP Life
  10. EDX

Eslatib o‘tamiz, avvalroq daromadning deyarli yarmini «yeb qo‘yadigan» yetti mayda xarajat haqida yozgan edik.

Shuningdek