
27-yanvar kuni Titan Airways aviakompaniyasining maxsus charter reysi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Havo kemasida futbol bo‘yicha Jahon chempionatining asil oltindan yasalgan kubogi hamda italiyalik futbol afsonasi Marko Materatssi yetib keldi.
Samolyot bortidagi og‘irligi 6 kgdan ortiq bo‘lgan sof oltin kubokka 2006-yilgi jahon chempioni Marko Materatssi hamda maxsus xavfsizlik xizmati xodimlari hamrohlik qilmoqda. Havo kemasi Coca-Cola kompaniyasi bilan hamkorlikda brendlashtirilgan bo‘lib, unda «The Original Trophy Is Here» («Asl kubok shu yerda») yozuvi tushirilgan.
Mazkur tashrif FIFA Jahon chempionati kubogining rasmiy sayohati doirasida amalga oshirilmoqda. 2026-yil 3-yanvar kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridan start olgan tur jami 75 ta manzilni qamrab oladi. Toshkentga kelishdan avval kubok Vena, Seul, Tokio, Nyachang va Kuala-Lumpur kabi Yevropa va Osiyoning o‘nlab shaharlarida bo‘lgan.
Kubokning xalqaro sayohati 2026-yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati boshlanishiga qadar davom etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Germaniyada «JCh – 2026» xavfsizligi va boykot masalasi muhokama qilinayotgani haqida xabar bergan edi.