
Apple kompaniyasi Siri’ning yangilangan chat-bot versiyasini fevral oyida taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, taqdimot oyning ikkinchi yarmida o‘tkazilishi kutilmoqda, ammo aniq sana va format hozircha ma’lum emas.
Yangi Siri versiyasi Google Gemini’ga asoslanadi, lekin uning ichida maxsus tayyorlangan model ishlatiladi. Kompaniya ushbu modelni Apple Foundation Model version 1.0 deb atadi.
Yangilangan yordamchi foydalanuvchi bilan zamonaviy chat-botlar darajasida muloqot qila oladi va smartfon ichidagi turli ma’lumotlar, jumladan ekranda ko‘rsatilayotgan narsalar bilan ham ishlay oladi.
Apple iOS 26.4 yangilanishi bilan bir vaqtda yangi Siri’ni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Beta-testlar fevral oyida boshlanishi mumkin. Bu esa foydalanuvchilarga yangi yordamchini sinab ko‘rish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq HyperOS 3.1 beta-versiyasida AirPods qo‘llab-quvvatlanishi haqida xabar bergan edik.