
Xiaomi kompaniyasining SU7 elektromobili 2025-yil yakunlariga ko‘ra Tesla Model 3’dan ko‘proq sotildi. Bu haqda Bike-ev nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, Xiaomi SU7’dan bir yil davomida 258 164 dona yetkazib berilgan bo‘lsa, Tesla Model 3 savdosi 200 361 dona bilan cheklangan. Bu farq qariyb 29 foizni tashkil etib, 2019-yildan buyon ilk bor premium sedan segmentida Tesla yetakchiligiga barham berdi.
Ushbu natija Xiaomi uchun tarixiy ahamiyatga ega. Chunki SU7 modeli bozorda atigi 2024-yil mart oyida paydo bo‘lganiga 21 oy bo‘lgan edi. Shunga qaramay, kompaniya qisqa vaqt ichida nafaqat Tesla’ga yetib oldi, balki Xitoy bozorida uni aniq ustunlik bilan ortda qoldirdi. Bu holat Xitoyda elektromobil bozoridagi raqobat qanchalik keskinlashganini va texnologiya hamda narx muvozanati qanchalik muhim bo‘lib qolganini ko‘rsatadi.

Xiaomi SU7’ning muvaffaqiyati, avvalo, narx va texnik imkoniyatlar bilan bog‘liq. Modelning boshlang‘ich narxi 215 900 yuan bo‘lib, bu Tesla Model 3’dan qariyb 9 foiz arzon. Shunga qaramay, SU7’ning yurish masofasi ancha yuqori: CLTC standarti bo‘yicha 700 kilometr, yangilangan 2026-yilgi versiyada esa bu ko‘rsatkich 902 kilometrgacha yetkazilgan. Taqqoslash uchun, Model 3’ning orqa yetakli versiyasi 634 kilometr masofani bosib o‘ta oladi.

Bundan tashqari, Xiaomi ilg‘or haydovchiga yordam beruvchi tizimlarni standart holatda taklif qilmoqda. LiDAR texnologiyasi SU7’ning barcha versiyalarida mavjud bo‘lsa, Tesla bunday imkoniyatlarni faqat qimmat konfiguratsiyalarda yoki umuman taklif etmaydi. Xiaomi’ning HyperOS ekotizimi bilan chuqur integratsiya ham xaridorlar uchun muhim ustunlikka aylandi.

2026-yil uchun yangilangan SU7 modeliga talab ham yuqori bo‘lib qolmoqda. Yanvar oyida ochilgan oldindan buyurtmalar 15 kun ichida qariyb 100 ming donaga yetdi. Narx oshganiga qaramay, xaridorlar faolligi saqlanib qoldi. Xiaomi bundan tashqari YU7 nomli krossover modeli bilan Tesla Model Y’ga ham jiddiy raqobat ko‘rsatmoqda. Kompaniya 2026-yilda jami 550 ming dona elektromobil yetkazib berishni maqsad qilgan.

Tesla uchun esa Xitoy bozori murakkablashib bormoqda. 2025-yilda kompaniyaning mamlakatdagi umumiy savdosi qariyb 5 foizga kamaydi. Model Y sotuvi ham pasayish ko‘rsatdi. Mutaxassislar buni mahalliy ishlab chiqaruvchilarning texnologiya va narx borasidagi tezkor rivoji bilan izohlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chery kompaniyasi ilk elektromobil pikapini taqdim etgani haqida yozgandi.