
Tank shaklidagi «Buxanka» Chevrolet Tracker narxida sotuvga qo‘yildi. Qozog‘istonning Balxash shahrida juda kam uchraydigan maxsus texnika «Buxanka» asosida ishlab chiqarilgan ZVM-2411 «Uzola» gusenitsali yo‘ltanlamas sotuvga chiqarildi.

Ushbu avtomobil 2015-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, yurish masofasi atigi 300 kilometrni tashkil etadi. Mashinaning asosiy xususiyati g‘ildiraklar o‘rniga to‘liq gusenitsalar o‘rnatilgani.

Bu esa unga botqoqliklar, qor bosgan hududlar va qiyin yo‘llardan bemalol o‘tish imkonini beradi. Muhimi, bu texnika qo‘lbola emas, balki «Zavoljye» yo‘ltanlamas mashinalari zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan rasmiy model hisoblanadi.

Avtomobil 2,9 litrli ZMZ-409 dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, 142 ot kuchiga ega. Uzatmalar qutisi mexanik. Noyob gusenitsali yo‘ltanlamas narxi 9 mln tenge, taxminan 216,1 mln so‘m atrofida bo‘lib, bu O‘zbekiston sharoitida bitta Chevrolet Tracker narxiga teng.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Cobalt avtomobilidan qimmat «Jiguli» sotuvga qo‘yilgandi.