
Angliya Premyer-ligasining 24-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvida «Manchester Siti» Londonda «Tottenxem» mehmoni bo‘lib, 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Abduqodir Husanov ushbu uchrashuvda «Siti»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi.
O‘yin «Manchester Siti»ning to‘liq ustunligi bilan boshlandi. 11-daqiqada Rayan Sherki hisobni ochgan bo‘lsa, tanaffusga qadar 44-daqiqada Antuan Semenyo hisobni 0:2 ko‘rinishiga keltirdi. Birinchi bo‘limda mehmonlar yaqqol ustunlik qilishdi va hatto yirikroq hisobda g‘alaba qozonishlari mumkin edi.

Biroq, ikkinchi bo‘limda Tomas Frank boshchiligidagi «Tottenxem» o‘yinni o‘z tomoniga og‘dira oldi. Dominik Solanke 53 va 70-daqiqalarda kiritgan gollari evaziga dubl qayd etib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Solankening birinchi goli bahsli vaziyatda kiritilgan bo‘lsa-da, VAR tizimi golni inobatga oldi.

O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Xusanov o‘yinni to‘liq asosiy tarkibda o‘tkazdi va himoya chizig‘ida Mark Gehi bilan tandem hosil qildi. Sofascore portali Husanovga 6,7 ball qo‘ygan. Uning 58 ta pasidan 56 tasi aniq bo‘lgan va 97 foiz ko‘rsatkichni qayd etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov Osiyoning ramziy terma jamoasiga kirgani haqida xabar bergan edi.