
«Manchester City» rasmiy saytida yanvar oyi yakunlariga ko‘ra, oy futbolchisi sovrini uchun nomzodlar e’lon qilindi. Ular orasida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov ham bor.
Klub ma’lumotiga ko‘ra, Husanov ushbu sovrin uchun yarimhimoyachi Bernardo Silva va darvozabon Janluiji Donnarumma bilan birga kurash olib bormoqda. Muxlislar rasmiy platforma orqali eng yaxshi futbolchi uchun ovoz berishlari mumkin.
21 yoshli himoyachi so‘nggi vaqtlarda «shaharliklar» asosiy tarkibida barqaror o‘yin namoyish etmoqda. U ketma-ket sakkiz uchrashuvdan beri maydonga tushib kelmoqda. Yanvar oyida bo‘lib o‘tgan to‘qqizta bahsning sakkiztasida Abduqodir Husanov jamoa safida to‘liq yoki asosiy tarkibda ishtirok etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov to‘liq harakat qilgan bahsda «Manchester Siti» «Tottenxem» bilan durang o‘ynagani haqida yozgandi.