
General Motors 2026-yilgi Chevrolet Captiva PHEV modelini Ekvadorda rasman taqdim etdi. Bu haqda GMAuthority nashri xabar berdi.
Yangi Captiva PHEV Ekvador bozoriga 2025-yil oxirida taqdim etilgan to‘liq elektr Captiva EV’dan taxminan bir yarim oy o‘tib kirib keldi. Shunday qilib, u Chevrolet’ning Ekvadordagi yangi energiya manbalariga ega ixcham krossoverlar qatorini to‘ldirdi va brend tarixida mamlakatda sotuvga chiqarilgan ilk gibrid avtomobilga aylandi.

GM Ecuador rahbari Osvaldo Leonning aytishicha, Captiva plug-in gibridining ishga tushirilishi kompaniyaning mintaqadagi elektrlashtirish strategiyasida muhim bosqich hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, model to‘liq elektr transportiga asta-sekin o‘tayotgan mijozlar ehtiyojlariga javob bo‘lib, barqaror mobilitet bo‘yicha Chevrolet qarashlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Boshqa bozorlardagi kabi, Ekvadorda ham 2026 Captiva PHEV faqatgina Premier komplektatsiyasida taklif etilmoqda. Ushbu versiya zamonaviy texnologiyalar va xavfsizlik tizimlarining to‘liq to‘plamiga ega bo‘lib, haydovchiga yordam beruvchi ilg‘or tizimlar hamda 15,6 dyuymli yirik infotainment ekrani bilan jihozlangan.

Texnik jihatdan, Captiva PHEV atmosferali 1,5 litrli benzin dvigateli va elektromotor kombinatsiyasidan iborat gibrid kuch qurilmasiga ega. Ushbu tizim 204 ot kuchi va 228 funt-fut moment ishlab chiqaradi. Avtomobil 20,5 kVt·soat sig‘imga ega litiy-temir-fosfat batareya bilan ta’minlangan bo‘lib, faqat elektr rejimida 90 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin. Umumiy yurish zaxirasi esa 1 000 kilometrdan oshadi.

2026 Chevrolet Captiva PHEV Ekvadordagi rasmiy dilerlik markazlarida sotuvga chiqarilgan va mamlakatda Chevrolet’ning beshinchi yangi energiya modeli bo‘ldi. Qiziqarli jihati shundaki, Chili bozoridan farqli ravishda, Ekvadorda gibrid Captiva EV’dan yuqoriroq segmentda joylashtirilgan. Modelning boshlang‘ich narxi $32 999 ni tashkil etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qaysi Chevrolet avtomobillariga chegirmalar borligi haqida yozgandi.