Hafta davomida taqdim qilingan yangi avtomobillar qaysi — avtodayjest

6-fevral 2026 17:00 eʼlon qilindi

Asadbek Komilov

Asadbek Komilov

Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Hafta davomida turli mashinalar sotuvga chiqdi. Ayrim mavjud avtomobil modellarida o‘zgarishlar kuzatildi. Ular bilan Kursiv Uzbekistan’ning avtodayjestida tanishing.

Geely Galaxy M7

Milanda Xitoyning Geely kompaniyasi o‘zining yangi texnologik flagmani bo‘lgan Geely Galaxy M7 krossoverini taqdim etdi. Ushbu mashina to‘liq yoqilg‘i baki va to‘liq zaryadlangan batareya bilan 1730 km masofani bosib o‘ta oladi.

Foto: Geely

Shundan 225 km yo‘l faqat elektr rejimida yurish imkonini beradi. Bu ko‘rsatkich modelni o‘z sinfidagi eng uzoq masofaga yuradigan krossoverlardan biriga aylantiradi.

Foto: Geely

Krossover besh xil rangda taqdim etildi. Old qismida 2 metrdan uzun yorug‘lik tasmasi bor. U 362 ta LED chiroqdan iborat. Orqa fonarlar ham yagona yorug‘lik elementi tarzida ishlangan. Avtomobil o‘lchamlari 4770x1905x1685 mm. G‘ildirak bazasi 2785 mmni tashkil etadi.

Foto: Geely

Salon bezagida sun’iy zamsha va tabiiy yog‘och elementlar qo‘llanilgan. Boshqaruv elementlari «kristall» uslubidagi tutqichlar bilan to‘ldirilgan. Panoramali tom maydoni 1,2 m²ga teng. Flyme Sound audio tizimi 23 ta dinamik bilan jihozlangan. Atmosfera yoritqichi 256 rangni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Geely

Galaxy M7 111 ot kuchiga ega 1,5 litrli benzin dvigatel asosidagi gibrid tizim bilan ishlaydi. Komplektatsiyaga qarab, 18,4 kVt/soat yoki 29,8 kVt·soat sig‘imli tortuvchi batareya taklif etiladi. Geely Galaxy M7’ning jahon bozoridagi savdosi 2026-yilning birinchi yarmida boshlanishi rejalashtirilgan.

General Motors’dan Chevrolet Tracker yangilangan texnik yechim

Endi 2025 – 2026-yilgi Chevrolet Tracker modellarida aniqlangan yonilg‘i forsunka oqimi bilan bog‘liq muammo uchun yangilangan texnik yechim ham mavjud. Yangi Service Update A252528630 raqami bilan ro‘yxatga olingan.

Foto: GM Authority

U hozirda dilerlar omborida turgan ayrim 2025 – 2026-yilgi Chevrolet Tracker avtomobillariga tatbiq etiladi. Yanvar oyida chiqarilgan hujjatga ko‘ra, muammoni bartaraf etish uchun endi faqat dvigatel boshqaruv bloki dasturini yangilash kifoya.

Foto: GM Authority

GM ma’lumotiga ko‘ra, ayrim harakatlanish sharoitlarida yonilg‘i forsunka oqimining farqlanishi dvigatelga yonilg‘i uzatilishini to‘liq optimallashtira olmagan. Avval ehtiyot qismlarni almashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, endi barcha muammo ECM’ni qayta dasturlash orqali hal qilinadi. Buning uchun hech qanday ehtiyot qism talab qilinmaydi.

2026-yil 7-fevraldan boshlab ushbu nosozlik uchun yagona rasmiy yechim sifatida aynan ECM dasturiy yangilanishi tasdiqlangan. Agar forsunka ushbu yangilanishdan oldin buyurtma qilingan yoki o‘rnatilgan bo‘lsa, alohida tartibda almashtirish jarayoni saqlanib qoladi.

Foto: GM Authority

Servis yangilanishi 2027-yil 31-yanvargacha amal qiladi. Ta’mirlashdan oldin dilerlar avtomobil ushbu dasturga mos kelishini maxsus tizim orqali tekshirishi shart. GM, shuningdek, muammodan ta’sirlangan barcha avtomobillar ta’mirlanmaguncha sotilishi yoki topshirilishiga ruxsat berilmasligini ta’kidladi.

Chevrolet Captiva 2026 sotuvga chiqdi

General Motors 2026-yilgi Chevrolet Captiva PHEV modelini Ekvadorda rasman taqdim etdi. Yangi Captiva PHEV Ekvador bozoriga 2025-yil oxirida taqdim qilingan to‘liq elektr Captiva EV’dan taxminan bir yarim oy o‘tib kirib keldi. Shunday qilib, u Chevrolet’ning Ekvadordagi yangi energiya manbalariga ega ixcham krossoverlar qatorini to‘ldirdi va brend tarixida mamlakatda sotuvga chiqarilgan ilk gibrid avtomobilga aylandi.

Foto: Chevrolet

GM Ecuador rahbari Osvaldo Leonning aytishicha, Captiva plug-in gibridining ishga tushirilishi kompaniyaning mintaqadagi elektrlashtirish strategiyasida muhim bosqich hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, model to‘liq elektr transportiga asta-sekin o‘tayotgan mijozlar ehtiyojlariga javob bo‘lib, barqaror mobilitet bo‘yicha Chevrolet qarashlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Chevrolet

Boshqa bozorlardagi kabi, Ekvadorda ham 2026 Captiva PHEV faqatgina Premier komplektatsiyasida taklif etilmoqda. Ushbu versiya zamonaviy texnologiyalar va xavfsizlik tizimlarining to‘liq to‘plamiga ega bo‘lib, haydovchiga yordam beruvchi ilg‘or tizimlar hamda 15,6 dyuymli yirik infotainment ekrani bilan jihozlangan.

Foto: Chevrolet

Texnik jihatdan, Captiva PHEV atmosferali 1,5 litrli benzin dvigateli va elektromotor kombinatsiyasidan iborat gibrid kuch qurilmasiga ega. Ushbu tizim 204 ot kuchi va 228 funt-fut moment ishlab chiqaradi. Avtomobil 20,5 kVt·soat sig‘imga ega litiy-temir-fosfat batareya bilan ta’minlangan bo‘lib, faqat elektr rejimida 90 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin. Umumiy yurish zaxirasi esa 1 000 kilometrdan oshadi.

Foto: Chevrolet

2026 Chevrolet Captiva PHEV Ekvadordagi rasmiy dilerlik markazlarida sotuvga chiqarilgan va mamlakatda Chevrolet’ning beshinchi yangi energiya modeli bo‘ldi. Qiziqarli jihati shundaki, Chili bozoridan farqli ravishda, Ekvadorda gibrid Captiva EV’dan yuqoriroq segmentda joylashtirilgan. Modelning boshlang‘ich narxi $32 999 ni tashkil etadi.

Foto: Chevrolet

Lada Vesta CNG

Rossiyada AvtoVAZ tomonidan ishlab chiqarilgan Lada Vesta CNG avtomobilining savdo uchun mo‘ljallangan versiyasi jonli suratlarda namoyish etildi.

Foto: RCI News

Benzin va gazda ishlaydigan sedan siqilgan tabiiy gaz metan bilan harakatlana oladi. Avtomobil gazda 320 km gacha, umumiy hisobda esa 1 000 km masofani yoqilg‘i quymasdan bosib o‘ta oladi.

Foto: RCI News

Biroq bunday imkoniyatlar evaziga amaliylikdan voz kechilgan. Sig‘imi 90 litr bo‘lgan gaz balloni bagaj qismiga o‘rnatilgan. U zapas g‘ildirak joyiga emas, bevosita yukxona ichiga joylashtirilgani sababli foydali hajm sezilarli darajada qisqargan.

Foto: RCI News

Lada Vesta CNG narxi davlat qo‘llovi bilan $19 mingdan boshlanadi. Avtomobil allaqachon dilerlarda sotuvda mavjud.

Jetour T2

Yangilangan Jetour T2 krossoveri bir nechta mamlakatlarda sotuvga chiqarildi. Jetour T2 uchta komplektatsiyada taklif etiladi. Bular Voyage, Expedition va Discovery versiyalaridir. Ishlab chiqaruvchi tavsiya qilgan boshlang‘ich narx Rossiyada 3,9 mln rublni ($51 ming) tashkil etadi.

Foto: Jetour

Tashqi ko‘rinishda rang aksentlariga o‘zgartirish kiritilgan. Oldingi relinglar, tortish ilgaklari va g‘ildirak disklarda qo‘llanilgan salat rangli dekor elementlari endi qora rangda taqdim etilgan. Discovery versiyasida disklar ustidagi dekorativ vintlar olib tashlanib, disk markazidagi tiqin ham salat rangdan qora rangga almashtirilgan.

Radiator panjarasidagi yoritiladigan logotip yangilanishini ko‘rish mumkin. Kapotdagi dekorativ tutqichlar va yukxona eshigi ilmaklari dizayni ham o‘zgartirildi. Old bamperda to‘rtburchak shakldagi yangi dekorativ qoplamalar paydo bo‘ldi. Ular to‘qqizta bo‘limga ajratilgan.

Foto: Jetour

Salon dizaynida o‘zgarishlar kamroq: old panel, rul, markaziy tirsakqo‘ygich, old va orqa qator o‘rindiqlari endi to‘liq qora rangda bajarilgan. Avvalgi kulrang-qora rangdan voz kechilib, ventilyatsiya panjarlari yangicha dizayn olgan. Shuningdek, avtomobilning brend kalit-breloki shakli va plastik teksturasi yangilandi.

Texnik jihatdan model o‘zgarishsiz qolgan. Jetour T2 245 ot kuchiga ega 2 litrli dvigatel bilan jihozlanadi. Aylanish momenti 375 Nm ni tashkil etadi. Dvigatel 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatma yoki 8 pog‘onali avtomat transmissiya bilan ishlaydi. Yurish qismi to‘liq uzatmali.

Lada Iskra va Lada Aura

Lada avtomobillari Birlashgan Arab Amirliklari bozorida sotila boshlandi. Ma’lumotlarga qaraganda, avtomobillar test-drayvsiz sotilgan. Shunga qaramay, bu holat xaridorlarni to‘xtatmagan. Sotilgan modellari orasida Lada Aura biznes-sedani, Lada Iskra hamda sport talqindagi Niva Sport bor.

Foto: Lada

Avvalroq Lada Niva Travel BAA bozorida taxminan $17,7 mingdan taklif etilayotgani xabar qilingan edi. Lada Vesta narxi esa $22,6 mingdan boshlanadi.

Ma’lumot uchun, Lada Iskra Rossiyaning Lada brendi tomonidan ishlab chiqilgan yangi ommaviy yengil avtomobil hisoblanadi. Model AvtoVAZ zavodida yaratilgan bo‘lib, u Lada Granta va Lada Vesta o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun mo‘ljallangan.

Foto: Lada

Lada Iskra Renault–Nissan alyansi davrida ishlab chiqila boshlangan platformaga asoslangan. Avtomobil zamonaviy xavfsizlik va konstruktiv talablar asosida qayta moslashtirilgan. Model sedan, universal va krossoverga yaqin talqinlarda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Chevrolet Traverse Z71

UzAuto Motors O‘zbekistonda yangi Chevrolet Traverse Z71 modeli sotuvi boshlanganini e’lon qildi. Avtomobilni xarid qilish bo‘yicha shartnomalarni UzAuto Motors’ning barcha rasmiy dilerlik markazlarida rasmiylashtirish mumkin.

Foto: UzAuto Motors

Qo‘shimcha ma’lumotni kompaniyaning +998 78 141 77 77 raqamli call-markazi orqali yoki rasmiy sayt orqali olish mumkin.

Zamonaviy avtomobil bozorida kuch, qulaylik va texnologiyalarni birlashtirgan yirik krossoverlarga talab yuqori bo‘lib qolmoqda. Ushbu 7 o‘rinli, to‘liq yurituv tizimiga ega krossover ham aynan shu segmentga mo‘ljallangan. Model o‘zining yirik o‘lchamlari, kuchli turbodvigateli va keng ichki makoni bilan katta oila hamda uzoq safarlar uchun mos variant hisoblanadi.

Foto: UzAuto Motors

Avtomobil uzunligi 5 194 mm, kengligi 2 022 mm va balandligi 1 830 mmni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasi 3 072 mm bo‘lib, bu salon ichida yo‘lovchilar uchun keng joy yaratadi. Yo‘l oralig‘i 197 mm bo‘lgani sababli avtomobil shahar sharoitida ham, notekis yo‘llarda ham o‘zini ishonchli tutadi. To‘liq yurituv tizimi esa turli yo‘l sharoitlarida barqaror harakatlanishni ta’minlaydi.

Foto: UzAuto Motors

Model 2,5 litr hajmli, 4 silindrli, qatorli turbodvigatel bilan jihozlangan. Dvigatelning maksimal quvvati 241 kVt yoki 328 ot kuchini tashkil etadi. Maksimal aylanish momenti 442 Nm bo‘lib, u 3 500 aylanishda erishiladi. Bu ko‘rsatkichlar avtomobilga tezkor va ravon harakatni ta’minlaydi.

0 dan 100 km soat tezlikka chiqish vaqti 7,6 soniya. Ushbu natija yirik va 7 o‘rinli krossover uchun yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Uzatma sifatida 8 pog‘onali avtomat transmissiya qo‘llanilgan bo‘lib, u silliq va tejamkor uzatishni ta’minlaydi.

Foto: UzAuto Motors

Yoqilg‘i sarfi aralash rejimda 11,2 litrni tashkil etadi. Shahar sharoitida bu ko‘rsatkich 11,7 litr, trassada esa 9,8 litrga tushadi. 82 litrli yonilg‘i baki uzoq masofalarga qo‘shimcha to‘xtamasdan harakatlanish imkonini beradi.

G80 Magma

Hyundai’ning Genesis brendi G80 Magma avtomobilini taqdim etdi. Texnik jihatdan G80 Magma BMW M5 va Mercedes-AMG E63’ga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqib sifatida pozitsiyalanmoqda. Sedan 3,5 litrli, ikki turbinali V6 dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, uning quvvati 525 ot kuchiga yetkazilgan. Bu standart G80 bilan solishtirganda 150 ot kuchiga ko‘p. Muhandislar kuchaytirilgan dvigatelga moslab 8 pog‘onali avtomat transmissiyani qayta sozlagan, osma qismini qattiqlashtirib pasaytirgan va Brembo sport tormozlarini o‘rnatgan.

Foto: Hyundai

Tashqi ko‘rinishida avtomobil ancha agressivlashgan. Old qismda qora radiator panjarasi va kattalashtirilgan havo kirish teshiklari paydo bo‘lgan. Shuningdek, yangi g‘ildirak disklar, orqa diffuzor va spoyler bilan jihozlangan. Salon sport ruhida bezatilgan bo‘lib, Recaro kovsh o‘rindiqlari, qora charm va alkantara hamda yorqin to‘q sariq tikuvlar qo‘llangan.

Foto: Carcoops

Genesis hozircha G80 Magma narxini ochiqlamagan. Kompaniya ushbu versiya kelajakda boshqa bozorlarda ham sotiladimi yoki yo‘q, bunga aniqlik kiritmagan. Hozircha loyiha dunyodagi eng boy mintaqa uchun mo‘ljallangan imidjli tajriba sifatida baholanmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Cobalt kundalik foydalanish uchun qanchalik mosligi haqida yozgandi.

Shuningdek