100 ming kilometr yurgan Geely Coolray qanday baholandi — ekspert fikri

9-fevral 2026 08:34 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Geely

Ko‘plab haydovchilar Xitoy avtomobillari 100 ming kmdan keyin ishonchliligini yo‘qotadi, degan fikrdan cho‘chiydi. Avto.ru kanali mutaxassislari esa bu stereotipni 112 ming km yo‘l bosgan Geely Coolray misolida tekshirib ko‘rdi. Ushbu tajriba ikkilamchi bozordan Coolray sotib olishni rejalashtirayotganlar uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Kuzov va salon holati

Avtoekspert Ivan Ananyevning ta’kidlashicha, modelning asosiy kamchiligi – lok-bo‘yoq qoplamasining yupqaligi. 50 ming km atrofida kapot va bagaj qopqog‘ida mayda tirnalishlar hamda zang belgilari paydo bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ayrim egalari 300 ming km yurilgan avtomobillarda ham zang yo‘qligini qayd etgan.

Shuningdek, faralarning xiralashishi va optika ichida kondensat to‘planishi holatlari uchraydi. Zavoddan o‘rnatilgan antikorroziya himoyasi kuchsiz bo‘lgani sababli, mutaxassislar yashirin bo‘shliqlarga qo‘shimcha ishlov berishni tavsiya qiladi.

Salon esa ijobiy baholandi – katta yurishga qaramay, materiallar yaxshi saqlangan. Asosiy eskirish avtomat uzatma selektorida kuzatiladi. Kamchiliklar qatorida klimat-nazorat tizimining har doim ham aniq ishlamasligi va orqa o‘rindiqlar isitgichida vaqti-vaqti bilan nosozliklar uchrashi aytildi.

Dvigatel va texnik resurs

Geely Coolray’ning 1,5 litrli, uch silindrli dvigateli to‘g‘ri parvarish qilinganda 250 ming km va undan ortiq xizmat qilishi mumkin. Biroq ayrim jihatlarga alohida e’tibor talab etiladi:

  • GRM kamari — har 80 – 100 ming kmda almashtirilishi shart (uzilsa, klapanlar egiladi);
  • Yoqilg‘i — faqat AI-95 va undan yuqori (aks holda katalizator zarar ko‘radi);
  • Moy — 7 – 8 ming kmda bir marta almashtirish tavsiya qilinadi.

Uzatma va osma tizimi

7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatma ishonchli deb baholandi. Agar moyi 45 – 50 ming kmda almashtirib borilsa, jiddiy nosozliklar deyarli uchramaydi.

Osma tizimida esa stabilizator vtulkalari va g‘ildirak podshipniklari nisbatan tez yeyiladi. Yana bir xususiyat – pastki richaglarning yumshoqligi: bordyurga yon tomondan urilganda ular egilib qolishi mumkin.

Mutaxassis xulosasiga ko‘ra, Geely Coolray ishonchli Xitoy krossoveri hisoblanadi. To‘g‘ri parvarish, sifatli yoqilg‘i va o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish bilan 100 ming km bu model uchun chegara emas. Eng muhimi – avtomobilning ochiq servis tarixi va muntazam texnik nazorat.

Avvalroq «Kursiv» nashri Geely O‘zbekistonda uchta krossoveri narxlarini e’lon qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek