
Honor kompaniyasining keyingi flagman smartfonlari Magic9 va Magic9 Pro modellari bozordagi eng sig‘imli akkumulyatorlardan biriga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, kompaniya yangi avlod qurilmalarida 8000 – 9000 mA·soat sig‘imdagi batareyalarni ko‘rib chiqmoqda.
Hozirgi avlod – Honor Magic8 va Magic8 Pro smartfonlari mos ravishda 7000 va 7100 mA·soat akkumulyator bilan jihozlangan. Agar Magic9 Pro, haqiqatan ham, 9000 mA·soatli batareya olsa, u flagman smartfonlar orasida avtonomlik bo‘yicha yetakchiga aylanishi mumkin. Hatto 8000 mA·soat sig‘imning o‘zi ham premium segment uchun juda katta ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bunday sig‘imli akkumulyatorlar Honor uchun yangilik emas. Kompaniya avval ham 10 000 mA·soat batareyaga ega Honor Power 2 va Win RT modellarini taqdim etgan. Biroq bu qurilmalar flagman toifasiga kirmagan.
Hozircha Magic9 seriyasining boshqa texnik xususiyatlari oshkor etilmagan. Taqqoslash uchun, amaldagi Magic8 Pro modeli 6,7 dyuymli ekran, 200 megapikselli asosiy kamera, 100 – 120 vattli tezkor simli zaryad, simsiz va hatto teskari simsiz zaryadni qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honor 600 modeli katta sig‘imli akkumulyator bilan taqdim etilishi mumkinligi haqida yozgandi.