Onix, BYD, Haval: yangilangan va sotuvga chiqqan mashinalar — avtodayjest

15-fevral 2026 20:18 eʼlon qilindi

Asadbek Komilov

Asadbek Komilov

Kollaj: Kursiv Uzbekistan

O‘tgan hafta davomida avtoolamda qanday o‘zgarishlar kuzatilgani, transport vositalarining qaysi modellari savdoga chiqqani, shuningdek, mashinalarning yangilangan dizayni bilan Kursiv Uzbekistan’ning avtodayjestida tanishing.

Ushbu maqolada quyidagilar haqida bilib olasiz:

Audi E7X

Xitoyda Audi E7X avtomobilining ommaviy ishlab chiqariladigan versiyasi sovuq iqlim sharoitidagi sinovlar vaqtida rasman ko‘rsatildi.

Foto: Autohome

Audi E7X — Audi va SAIC Motor hamkorligidagi qo‘shma brend mahsuloti. Mazkur brend faqat Xitoy bozori uchun avtomobillar ishlab chiqaradi. U an’anaviy to‘rt halqali Audi logotipidan voz kechgan va oddiy yozuv shaklidagi «Audi» belgisi bilan taqdim etiladi. O‘tgan yili brend ilk modeli — Audi E5 Sportbackni chiqargan edi. Biroq model 2025-yilda atigi 6,6 ming dona sotilib, kutilgan natijani bermagan.

Foto: MIIT

Audi E7X o‘lchamlari 5049/1997/1710 mm ni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3060 mm. Model 21 yoki 22 dyuymli disklarda taklif qilinadi.

Boshlang‘ich orqa yetakchi versiyada 300 kW, ya’ni 402 ot kuchiga ega bitta elektromotor o‘rnatilgan. To‘liq privodli versiyada esa ikki motorli tizim qo‘llanadi va umumiy quvvat 500 kW, ya’ni 670 ot kuchiga yetadi. Maksimal tezlik 230 km/soat etib belgilangan.

Model ikki turdagi batareya bilan taklif etiladi. Birinchi variant 100 kVt/soat, ikkinchisi 109,3 kVt·soat sig‘imga ega. Zaxira yurish masofasi 635 km dan 751 km gacha yetadi.

Foto: MIIT

Audi E7X 22 dyuymli disklarga, an’anaviy yon ko‘zgular o‘rniga kameralarga va tom qismida LiDAR sensoriga ega. Old bamperda faol havo kirish tizimi mavjud. Avtomobil B ustunida ham qo‘shimcha kamera bilan jihozlangan.

Kuzovda yoritiluvchi logotip va nuqtali LED yorug‘lik elementlari qo‘llanilgan. G‘ildirak markazidagi yozuv har doim tik holatda turishi uchun maxsus og‘irlik tizimi ishlatilgan. Model tortib kiruvchi eshik tutqichlari, keng qanotlar va pastga qarab egilgan kapot bilan sportcha ko‘rinishga ega.

Haval H7 2026 avtomobili sotuvga chiqdi

Rossiyada yangilangan Haval H7 krossoverining 2026-yilgi versiyasi savdosi boshlandi. Yangi model 2,0 litrli turbomotor bilan jihozlangan.

Foto: Haval

Dvigatel 231 ot kuchi ishlab chiqaradi va 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatma bilan ishlaydi. Endilikda to‘liq uzatma barcha modifikatsiyalarda standart tarzda taqdim etiladi.

Foto: Haval

Komplektatsiyalar soni uchtadan ikkiga qisqartirildi. Xaridorlarga Premium va Tech Plus versiyalari taklif etiladi. Asosiy Premium komplektatsiyada adaptiv kruiz-nazorat, harakat yo‘lagida ushlab turish tizimi, avtomatik favqulodda tormozlash funksiyasi, elektr bagaj eshigi, ikki zonali iqlim-nazorat va 14,6 dyuymli sensorli multimedia tizimi mavjud. Multimedia masofadan boshqaruvni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Haval

Tech Plus versiyasida panoramali tom, proyeksion displey, sabvuferga ega premium audio tizim va avtomatik parkovka funksiyasi qo‘shilgan.

Foto: Haval

Barcha versiyalarda salon shift qismi qora rangda bezatilgan. Shuningdek, USB Type-C portlari soni oshirilgan. Yangilangan Haval H7 Premium versiyasi narxi 4 mln rubl ($43 ming atrofida)ni tashkil etadi. Tech Plus modifikatsiyasi esa 4,2 mln rubl ($46 ming atrofida)ga baholangan. Avvalgi, 192 ot kuchli dvigatelga ega versiya 3,7 mln rubldan ($40 ming atrofida) boshlanadi.

Audi’ning 2027-yilgi yangi modellari

Audi 2027-yilgi A6 e-tron va Q6 e-tron elektomobillarini yangilangan dizayn va funksiyalar bilan taqdim etdi. Ikkala modelga ham yangilangan dasturiy ta’minot joriy qilinadi.

Foto: Audi

U foydalanuvchi interfeysini soddalashtiradi, menyularni osonroq navigatsiya qilish imkonini beradi. Ikonalar va fonlar orasidagi kontrastni oshiradi.

Foto: Audi

Ba’zi menyularda avtomobilning 3D modeli, shu jumladan, rang varianti ham ko‘rsatiladi.

Foto: Audi

2027-yilgi modellar 2026-yilning ikkinchi choragida dilerlik markazlariga yetib borishi kutilmoqda. Narxlari bilan bu yerda tanishing.

Yangilangan Chevrolet Onix 2026 avtomobili savdoga chiqdi

General Motors 10-fevral kuni Meksika bozorida 2026-yilgi Chevrolet Onix sedanini rasman taqdim etdi. Yangi model kichik dizayn va jihoz yangilanishlari bilan arzonroq narxda taklif qilinayotir.

Foto: Chevrolet

2026-yilgi Onix Meksikada brendning eng arzon sedani bo‘ldi. Model keskin raqobat sharoitida pozitsiyasini saqlab qolish uchun qayta joylashtirildi. Avtomobil narxining tushirilishi ham shunga xizmat qiladi.

Foto: Chevrolet

GM Meksika vakolatxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Onix har bir kilometrda o‘z uslubini namoyon etadi. Kompaniya, shuningdek, tejamkorlikka yo‘naltirilgan boshlang‘ich versiyalar ham taklif qilinayotganini bildirdi.

Foto: Chevrolet

Yangi Onix besh xil variantda sotuvga chiqdi. LS, LT va Premier komplektatsiyalari mavjud. Eng yuqori talqin Premier Redline qora detallari va qizil aksentlari bilan ajralib turadi.

Texnik jihatdan, boshlang‘ich versiyalar 1,3 litrli atmosferali uch silindrli dvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 101 ot kuchini tashkil etadi. Bu variantlar faqat 5 pog‘onali mexanik uzatma bilan taklif etiladi. Yuqori komplektatsiyalar 1,0 litrli turbo dvigatelga ega. U 116 ot kuchi ishlab chiqaradi va 6 pog‘onali avtomatik uzatma bilan taqdim qilinadi.

Foto: Chevrolet

2026-yilgi Onix Meksikaga Xitoydan import qilinadi. Shu sabab model Braziliyada yangilangan old dizayn va interyerni olmadi. Mamlakatda u eng ommabop Aveo‘dan pastroq segmentda joylashgan. Narxlar $16,2 mingdan boshlanadi. Eng qimmat Premier Redline talqini esa $21,9 mingga baholangan.

Chevy Traverse 2026 yangi rangda taqdim etildi

2026-yilgi Chevy Traverse uch qavatli krossoverning uchinchi model yili sifatida taqdim etildi. Chevy Traverse 2026 uch qavatli krossoverning uchinchi yili bo‘lib, 2025-yilgi modelga nisbatan bir nechta kichik yangilanishlarga ega.

Foto: GMAuthority

Masalan, yangi rang variantlari paydo bo‘ldi, kalit karta funksiyasi qo‘shildi. Orqa kamera oynasi funksiyasi endi faqat yuqori jihozlangan modellarda emas, balki o‘rta darajadagi variantlarda ham taklif etiladigan bo‘ldi.

Foto: GMAuthority

2026-yilgi modelda yangi ranglar ham taqdim etildi: Polar White Tricoat va Sandstone Gray. Shu bilan birga, yuqori jihozlangan High Country va RS modellari bepul rang sifatida Stardust Metallic rangini olish imkoniga ega.

Foto: GMAuthority

2026-yilgi Traverse dvigatel va uzatmalar qutisi jihatidan 2025-yilgi model bilan bir xil. Unga 2,5 litrli turbo dvigatel o‘rnatilgan, maksimal quvvati 315 ot kuchi va 317 funt fut momentga ega.

Foto: GMAuthority

Avtomobil GM sakkiz pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Model narxi $43 mingdan boshlanadi.

BYD Atto 3 Evo modeli 3,9 soniyada «yuz»ga chiqadigan bo‘ldi

Xitoyning BYD kompaniyasi elektr krossoveri Atto 3’ni yangilab, Atto 3 Evo versiyasini taqdim etdi. Yangi versiyada avvalgi 60,5 kVt/soat o‘rniga 74,8 kVt/soatli batareya o‘rnatilgan. Natijada yurish zaxirasi 418 km’dan 510 km’gacha oshgan.

Foto: BYD

Orqa g‘ildirakdan tortuvchi modifikatsiya 308 ot kuchi va 380 Nm moment ishlab chiqaradi. 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish vaqti 7,3 soniyadan 5,5 soniyaga qisqargan.

Foto: BYD

Shuningdek, ikki motorli to‘liq tortish tizimiga ega versiya ham paydo bo‘ldi. U 443 ot kuchi va 560 Nm momentga ega bo‘lib, 0 – 100 km/soat tezlanishni atigi 3,9 soniyada amalga oshiradi. Biroq bu variantda yurish masofasi 470 km bilan cheklanadi.

Foto: BYD

Atto 3 Evo endi 800 voltli platforma asosida ishlaydi (ilgari 400V edi). Maksimal quvvatlash tezligi 88 kVt’dan 220 kVt’gacha oshgan. Batareyani 10 foizdan 80 foizgacha to‘ldirish 25 daqiqa vaqt oladi.

Foto: BYD

Bundan tashqari, avtomobil tashqi qurilmalarni 3 kVtgacha quvvat bilan ta’minlay oladi.

Motorning joylashuvi o‘zgartirilgani sababli orqa qismda ko‘p richagli osma qo‘llanilgan. Bagaj hajmi 490 litrga yetgan, old qismda esa 101 litrlik qo‘shimcha yuk bo‘limi (frunk) paydo bo‘lgan.

Foto: BYD

Salonda multimedia va asboblar paneli dasturi yangilangan, uzatmalar selektori esa rul ustuniga ko‘chirilgan.

Geely Coolray yangilangan modeli Qozog‘istonda sotuvga chiqdi

Qozog‘istonda Geely Coolray krossoverining yangilangan modeli rasmiy ravishda sotuvga chiqarildi. Avtomobil Xitoy versiyasi Coolray L Battle Edition uslubida keng ko‘lamli restaylingdan o‘tgani bilan ajralib turadi. Old bamperning pastki qismida katta havo qabul qiluvchi teshik paydo bo‘lgan.

Foto: Geely

Krossover interyeri sezilarli darajada yangilangan. Multimedia tizimi ekranining diagonali 14,6 dyuymga yetgan. U Flyme Auto operatsion tizimi bilan ishlaydi, Android Auto qo‘llab-quvvatlanadi. Haydovchi oldida 8,8 dyuymli raqamli asboblar paneli mavjud.

Foto: Geely

Boyroq jihozlangan variantlarda panoramik shisha tom, 360 daraja ko‘rish tizimi, o‘rnatilgan videoregistrator va haydovchiga yordam beruvchi kompleks tizimlar mavjud.

Foto: Geely

Kaput ostida 174 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbo dvigatel mavjud bo‘lib, u 7 pog‘onali «robot» uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Avtomobil 100 km/soat tezlikka 7,6 soniyada erishadi, o‘rtacha yoqilg‘i sarfi esa 100 km uchun 6,5 litr.

Foto: Geely

Qozog‘istonda Coolray to‘rt variantda taqdim etilgan: Standard, Comfort, Flagship va sport Flagship Sport Pack. Bazaviy model narxi 9,69 mln tenge (taxminan $19,6 ming) dan boshlanadi. Eng yuqori model narxi 11,99 mln tenge ($24,3 ming) ni tashkil etadi.

Foto: Geely

Hozirda yangilangan model dilerlik markazlarida oldingi restayling versiyasi bilan bir vaqtda sotilmoqda, narxlar deyarli bir xil.

Yangilangan Suzuki Across

Suzuki kompaniyasi Yevropa bozori uchun flagman krossoveri Across’ning yangi versiyasini namoyish etdi.

Model Toyota bilan yaqin hamkorlik natijasida yaratilgan bo‘lib, amalda yangi Across Toyota RAV4’ning o‘zgartirilgan talqini hisoblanadi. Bu safar Suzuki yo‘ltanlamas Adventure (AQShda Woodland Edition) versiyasidan foydalangan.

Foto: Suzuki

Asosiy tashqi o‘zgarish – RAV4’ning Adventure versiyasidan olingan katta radiator panjarasi bo‘lib, bu Suzuki logotipini organik tarzda joylashtirishga imkon beradi. Krossover 18 dyuymli qoramtir g‘ildirak disklari bilan jihozlangan va to‘rt rangda taqdim etiladi. Shu bilan birga, Across egalari uchun RAV4 aksessuarlarining to‘liq mosligi ta’minlangan.

Foto: Suzuki

Ichki ko‘rinishi butunlay RAV4’ni takrorlaydi, faqat rul logotipi farq qiladi. Standart jihozlar qatorida 12,3 dyuymli raqamli asboblar paneli, 12,9 dyuymli mediaekran, proyeksion displey, simsiz zaryadlash va zamonaviy xavfsizlik tizimlari mavjud.

Foto: Suzuki

Suzuki Across Yevropada eng kuchli plug-in gibrid dvigateli bilan sotiladi. Tizim 2,5 litrli benzin dvigateli va ikki elektr motordan iborat bo‘lib, umumiy quvvati 300 ot kuchiga ega. Uzatma tizimi – to‘liq (E-Four), haydovchiga turli haydash rejimlarini tanlash imkonini beradi. Batareya sig‘imi 22,7 kVt/soat bo‘lib, sof elektr quvvati bilan masofa taxminan 100 km.

Foto: Suzuki

Savdo dastlab Niderlandiyada boshlanadi, keyinchalik boshqa Yevropa davlatlariga o‘tadi. Narxi 50 ming yevrodan baland bo‘lishi kutilmoqda. Qizig‘i shundaki, Seyshel orollarida Across nomi ostida butunlay boshqa Suzuki – Maruti Suzuki bazasidagi kompakt krossover sotiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BYD kompaniyasiga tegishli Xitoyning Denza brendi yangi Z9 GT universal avtomobilini taqdim etgandi.

Shuningdek