
Xitoyning Changan Automobile kompaniyasi 2026-yilgi global sinov mavsumini Ichki Mongoliyadagi Yakeshi shahrida boshladi. SDA Intelligence texnologik majmuasi ham taqdim etildi.
Kompaniya sinovlarni laboratoriyada emas, real yo‘llarda va ekstremal sharoitlarda o‘tkazmoqda. Asosiy e’tibor yangi turdagi akkumulyatorlarga qaratilgan.
Changan natriy-ion batareyalarni faol joriy etishni boshladi. Bu batareyalar an’anaviy litiy-ion tizimlarga nisbatan arzon va ekologik xavfsizroq hisoblanadi. Ular kamyob litiy o‘rniga keng tarqalgan natriydan foydalanadi.
Natriy-ion elementlar yuqori termostabillikka ega. Ular sovuq havoda yaxshiroq ishlaydi. Chuqur razryadga chidamli. Shu sababli stasionar energiya saqlash tizimlari va budjet elektromobillar uchun mos keladi.
Yangi batareyalar -40 C haroratda sinovdan o‘tdi. Sovuqda ham barqaror ishlashi saqlandi. CATL bilan o‘tkazilgan qo‘shma testlar xavfsizlik darajasini tasdiqladi. Kuchli mexanik zarbada ham tutun, yong‘in va portlash kuzatilmadi.
Shuningdek, yo‘l-transport hodisalarini oldini olish tizimi ham sinovdan o‘tkazildi. Qishki testlar mashinalarning muz va qor ustida barqarorligini ko‘rsatdi. Hatto g‘ildirak shikastlanganda ham avtomobillar boshqaruvni saqlab qoldi.
2026-yilda sinovlar boshqa davlatlarda ham davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Changan Deepal S05 avtomobili sinovdan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.