
2027-yilda Chevrolet Silverado 1500 pikapining yangi avlodi taqdim etiladi. GM Authority’ga ko‘ra, model tashqi ko‘rinish, salon va texnologiyalar bo‘yicha katta yangilanishlar bilan chiqadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2027-yilgi Chevrolet Silverado va GMC Sierra yangi elektron uzatma selektoriga ega bo‘ladi. U rul ustuniga o‘rnatiladi. Ya’ni, uzatma boshqaruvi rul yonida joylashadi.

Bunday elektron selektor hozirda Silverado EV, Tahoe, Suburban, Traverse, Blazer EV, Equinox va Bolt kabi boshqa Chevrolet modellarida ham qo‘llanmoqda. Shu orqali yangi Silverado brendning zamonaviy ichki dizayn uslubiga moslashadi.

Uzatma selektorini rul ustuniga ko‘chirish markaziy konsolda qo‘shimcha joy ochadi. Bu esa qo‘shimcha saqlash bo‘limlari yoki boshqa qulayliklar uchun imkon yaratadi.
Hozirgi avlod Silverado’da ikki xil uzatma boshqaruvi mavjud. Oldi o‘rindiqlari butun divan bo‘lgan versiyalarda mexanik rul ustuni selektori ishlatiladi. Alohida o‘rindiqli versiyalarda esa elektron konsol selektori o‘rnatilgan.
Yangi avlod Silverado tashqi ko‘rinishda ham o‘zgaradi. Dizayn GM’ning yirik SUV modellari uslubiga yaqinlashadi. Patent hujjatlarida bu yo‘nalish allaqachon ko‘rinib qolgan.

Kapoti ostida esa 6-avlod Small Block V8 benzin dvigatellari paydo bo‘lishi kutilmoqda. Bu GM’ning an’anaviy V8 arxitekturasining yangi bosqichi bo‘ladi.
General Motors yangi Silverado va GMC Sierra’ni joriy yil oxirigacha rasman taqdim etishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Specialty Vehicle Engineering (SVE) kompaniyasi 2026-yil uchun juda kuchli Yenko/SC Chevrolet Silverado 2500/3500 HD Off-Road pikapini namoyish qilgandi. GM Authority xabariga ko‘ra, model taxminan 1000 ot kuchiga ega bo‘lib, og‘ir yuklarni ham juda tez va ishonchli tashishga mo‘ljallangan.