
Mashhur avtomexanik Ilya Sviridov Toyota Land Cruiser 300’ning 2026-yilgi yangilangan talqini haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Uning aytishicha, model avtomobil sanoatidagi global o‘zgarishlarga qaramay, o‘z an’analariga sodiq qolgan.

Yangilangan modeldagi eng katta o‘zgarish klassik V8 dvigatel o‘rniga 415 ot kuchiga ega ikki turbinali V6 benzin dvigateli qo‘yilgani. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki versiyalarda texnik nuqsonlar kuzatilgan, biroq 2026-yilga kelib bu muammolar bartaraf etilgan. Dvigatel yanada tezkor va chaqqon ishlaydi, ammo eski Toyota motorlari kabi million kilometrli resursga ega bo‘lmasligi mumkin.

Tashqi ko‘rinishda jiddiy o‘zgarishlar yo‘q. Salon esa to‘liq raqamli panel, yangilangan multimedia tizimi va navigatsiya bilan jihozlangan. Iqlim boshqaruvi va asosiy funksiyalar esa hanuz tugmalar orqali boshqariladi. Bu esa qo‘lqop bilan haydashda qulaylik yaratadi.

Land Cruiser 300 ramali haqiqiy yo‘ltanlamas bo‘lib qolgan. Unda turli yo‘l sharoitlari uchun MTS tizimi, markaziy differensial blokirovkasi, pastga tushishda yordamchi tizim va Crawl Control mavjud. Salonda markaziy qo‘ltiqtayanchda sovutkich, simsiz quvvatlash va JBL akustikasi bor.
Mutaxassis xulosasiga ko‘ra, 300-seriya pragmatik haydovchilar tanlovi. Kursiv Qozog‘iston uning narxi jihozlanishiga qarab taxminan 70 mln tenge ($141 ming) atrofida ekanligini bildirdi. Sviridovning fikricha, bu model og‘ir sharoitlarda ham ishonchli texnika izlaydiganlar uchun mos avtomobil.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi Toyota RAV4 uchun noodatiy zavod tyuningi taqdim etilgandi. Tyuning paketi tashqi ko‘rinishni sezilarli o‘zgartiradi. Old bamperga splitter o‘rnatilgan bo‘lib, u havo oqimini yaxshilaydi. Yon qismlarga kumush rangli bezaklar qo‘shilgan.