Tabletkalarni qanday to‘g‘ri ichish kerak

25-fevral 2026 11:12 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Dori
Foto: Pexels.com

Klinik farmatsevt Anum Iqbal tabletkalarni maydalash yoki kapsulalarni ochib ichish sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini aytdi. Uning ogohlantirishi haqida Daily Mirror nashri xabariga tayanib, Gazeta.ru ma’lum qildi.

Mutaxassisning aytishicha, ko‘plab bemorlar tabletkani yutishni osonlashtirish maqsadida uni kukunga aylantiradi yoki kapsula ichidagi kukunni alohida idishga to‘kib ichadi. Biroq bu dori vositasining ta’sir mexanizmini buzishi mumkin. Ayniqsa, uzoq muddatli ta’sirga ega preparatlar — odatda XL, XR yoki CR belgisi bilan ko‘rsatiladi hamda ichakda eriydigan maxsus qobiq bilan qoplangan tabletkalar uchun bu juda xavfli.

Farmatsevt tushuntirishicha, ichakda eriydigan qobiq oshqozonni bezovta qilmaslik va faol moddaning oshqozon shirasi ta’sirida yemirilib ketmasligini ta’minlash uchun mo‘ljallangan. Agar bunday tabletka maydalansa, dori juda erta ajralib chiqadi va oshqozon og‘rig‘i hamda boshqa nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Uzoq ta’sir qiluvchi dorilarni maydalash esa yanada xavfliroq: butun doza birdaniga ajralib chiqadi. Bu esa organizmda ortiqcha doza (intoksikatsiya) va kuchli nojo‘ya reaksiyalar xavfini oshiradi.

Anum Iqbal yutishda qiynalayotgan bemorlarga shifokorga murojaat qilishni tavsiya etadi. Shifokor dori vositasining boshqa shaklini (masalan, sirop yoki eritma) yoki mosroq dozani tavsiya qilishi mumkin. Ayrim tabletkalarni bo‘lish yoki maydalash mumkin, ammo buni faqat mutaxassis bilan maslahatlashgandan keyin qilish kerak.

Shuningdek, dori dozasini yo‘qotib qo‘ymaslik va aniq miqdorni saqlash uchun oshxona anjomlari o‘rniga maxsus tabletkani bo‘lish yoki maydalash qurilmalaridan foydalanish tavsiya etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talablar yangilanishi kutilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek