
Opel xavfsizlik yostiqchalari bilan bog‘liq muammo sabab 900 mingdan ortiq avtomobilni global miqyosda chaqirib olishini e’lon qildi. Bu haqda «Tarantas Nyus» nashri ma’lum qilmoqda. Muammo Takata ishlab chiqargan haydovchi yostiqchasiga taalluqli.
Germaniyada 8,7 ming dona avtomobil ushbu chaqiruv doirasiga tushgan. Ta’mirlash ishlari bepul amalga oshiriladi.
Muammo nimada?
Xabarlarga ko‘ra, nosozlik haydovchi xavfsizlik yostiqchasi ichidagi gaz generatoriga bog‘liq. Yostiqcha ochilganda modul ichidagi bosim ortib ketishi mumkin. Bu esa korpus yorilishiga va metall bo‘laklari salon ichiga sochilishiga olib keladi.
Bunday holat haydovchi va yo‘lovchilar uchun jiddiy jarohat xavfini tug‘diradi. Shu sabab kompaniya profilaktik chaqiruv kampaniyasini boshlagan.

Qaysi modellar qamrab olingan?
Chaqiruv 2003 – 2018-yillarda ishlab chiqarilgan Astra, Cascada, Meriva, Mokka, Vectra, Zafira va Signum modellariga taalluqli.
Ayrim avtomobillar egalariga muammo bartaraf etilmaguncha mashinadan foydalanmaslik tavsiya etilgan. Germaniyada rasmiy taqiq joriy qilinmagan, biroq Janubiy Yevropadan olib kelingan ayrim nusxalarga cheklov qo‘llanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Opel Corsa modelining yangilangan versiyasi taqdim etilgani haqida yozgan edi.