Yangi Kia EV4 GT sportkari Koreya ko‘chalarida ko‘rinish berdi — foto

26-fevral 2026 09:51 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Kia EV4 GT sportkari Koreya ko‘chalarida ko‘rinish berdi / Foto: Kia

Kia Bryusselda bo‘lib o‘tgan Brussels Motor Show ko‘rgazmasida o‘zining mutlaqo yangi EV4 GT modelini namoyish qilgan edi. Modelning ilk nusxalari Koreya ko‘chalarida ko‘zga tashlandi, deya xabar qilmoqda ArenaEv.

Kompaniya deyarli barcha elektromobillarining sport (GT) versiyalarini ishlab chiqmoqchi. Kichik EV3 GT’dan tortib katta EV9 GT’gacha, maqsad – elektromobillar ham benzinli mashinalar kabi haydashda qiziqarli bo‘lishini ko‘rsatish.

EV4 GT Kia kompaniyasining ilk elektr hot hatch loyihasi hisoblanadi. Avtomobil ikki turdagi kuzovga ega: klassik xetchbek va Fastback deb ataluvchi sedan. Yaqinda u kamuflyaj bilan sinovdan o‘tayotgan bo‘lsa-da, texnik jihatlari allaqachon ma’lum.

Foto: ArenaEv

Tezlik va quvvat

EV4 GT ikki dvigatelli tizimga ega va to‘liq uzatmaga (AWD) ega. Old dvigatel 145 kVt (194 ot kuchi), orqa dvigatel 70 kVt (94 ot kuchi) beradi. Umumiy quvvat 215 kVt (288 ot kuchi) bo‘lib, bu avtomobilni 0 dan 100 km/soatgacha atigi 5,6 soniyada tezlashtiradi.

Avtomobil 81,4 kVt/soat sig‘imli katta batareya bilan ishlaydi. Standart EV4 bir zaryadda 582 km yurishi mumkin, lekin GT versiyasi sportga mo‘ljallangani va ikki dvigatel ishlatgani sababli masofa biroz qisqaroq bo‘ladi.

Salon va qulayliklar

EV4 GT saloni sport uslubida tayyorlangan. U keskin burilishlarda haydovchini mahkam ushlab turadigan yarim «bucket» o‘rindiqlariga ega. Rul uchta spokdan iborat bo‘lib, qulay ushlash imkonini beradi. Eng qiziq jihati, Virtual Gear Shifter: elektromobillarda tezlik va quvvatini boshqaruvchi uzatma tizimi bo‘lmasa ham, dasturiy ta’minot orqali mashina uni almashtirgandek his qildiradi va hatto karnaylardan sun’iy dvigatel ovozi chiqadi.

Narx va bozorlarda mavjudligi

EV4 GT Janubiy Koreyada 32,4 ming yevrodan boshlanadi. Kichik EV3 GT — 31,6 ming yevro, katta EV5 GT – 33,3 ming yevro atrofida. Afsuski, AQShda bu modelni hozircha sotib olish qiyin. Kia import solig‘i sabab standart EV4’ni AQSh bozoriga olib kirishni to‘xtatgan. EV4 GT’ni hozircha asosan Yevropa va Osiyo bozorlarida topish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kia EV5 yangilangan dizayn va tezkor zaryad bilan taqdim etilishi haqida xabar qilgan edik.

Shuningdek