Futbol o‘yinida rekord: hakam 23 futbolchiga qizil «kartochka» berdi — video

eʼlon qilindi
«Kruzeyro» va «Atletiko Mineyro» o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda
Foto: Gilson Lobo/AGIF

«Kruzeyro» va «Atletiko Mineyro» o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv futbol tarixidagi eng keskin o‘yinlardan biriga aylandi. Braziliyaning Belo Horizonte shahrida o‘tkazilgan bahs oxirida maydonda ommaviy janjal yuzaga kelib, bosh hakam bir yo‘la 23 nafar futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi, deya yozmoqda Globo sayti.

O‘yin yakunida janjal boshlandi

Mineyro ligasi finalida o‘tgan uchrashuvda hisobni ikkinchi bo‘lim boshida «Kruzeyro» hujumchisi ochdi. Shundan keyin «Atletiko Mineyro» jamoasi hisobni tenglashtirishga urindi, biroq ko‘plab hujumlarga qaramay gol ura olmadi.

Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida vaziyat keskinlashdi. «Kruzeyro» futbolchisining raqib darvozaboni bilan to‘qnashuvi janjalga sabab bo‘ldi. Darvozabon raqibini yiqitib yuborganidan keyin maydonga boshqa futbolchilar ham yugurib chiqdi va vaziyat tezda ommaviy mushtlashuvga aylandi.

Maydonga politsiya tushdi

Janjal kuchayib ketgani sababli futbolchilarni ajratish uchun stadionga xavfsizlik xizmati va harbiy politsiya kirib kelgan. Bir necha daqiqadan keyin tartib tiklangan va o‘yin yakuniga yetkazilgan.

Uchrashuv «Kruzeyro»ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.

23 ta qizil kartochka — yangi rekord

Mushtlashuvdan keyin hakam keskin qaror qabul qilib, ikki jamoa futbolchilariga ketma-ket qizil kartochkalar ko‘rsatdi. Natijada:

  • 12 futbolchi — «Kruzeyro»dan
  • 11 futbolchi — «Atletiko Mineyro»dan maydondan chetlatildi.

Bu ko‘rsatkich Braziliya futbolidagi rekordlardan biriga aylandi. Avvalgi rekord 1954-yilda «Botafogo» va «Portuguesa» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda 22 futbolchi maydondan haydalgan edi.

Mashhur futbolchi ham janjalda ishtirok etdi

Mushtlashuvda Xalk ham faol qatnashgan. Ilgari FC Porto va Zenit Saint Petersburg jamoalarida o‘ynagan hujumchi kameralar tasvirida raqiblardan birini quvib borib urishga harakat qilgani ko‘ringan.

O‘yindan keyin futbolchi yuzaga kelgan tartibsizlik uchun hakamni ayblab, muxlislardan uzr so‘ragan.

Futbolchilarni qanday jazo kutmoqda

Hozircha voqea yuzasidan yakuniy qaror e’lon qilinmagan. Ishtirokchilar Braziliya sport adliya kodeksi asosida 4 dan 12 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.

Biroq ehtimoliy jazo faqat shtat chempionatiga tegishli bo‘lishi mumkin. Shu sabab futbolchilar Braziliya A seriyasi uchrashuvlarida maydonga tushishda davom etishi ehtimoli bor.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston ayollar termasi tarixda ilk bor Osiyo kubogi chorak finalida ekani haqida yozgandi.

Shuningdek