Yangilangan Hyundai Accent 2026 avtomobili taqdim etildi

10-mart 2026 17:47 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangilangan Hyundai Accent 2026 avtomobili taqdim etildi
Foto: Hyundai

Hyundai kompaniyasi tomonidan yangilangan Hyundai Accent 2026 taqdim etildi. Ushbu model boshqa hududlarda Hyundai Verna nomi bilan sotiladi.

Yangilangan versiyada dizayn biroz o‘zgartirilgan. Old bamper, radiator panjarasi va ayrim tashqi elementlar qayta ishlangan. Shu bilan birga avtomobil qator premium opsiyalar bilan boyitilganini ko‘rish mumkin.

Dvigatel variantlari

Hyundai Accent ikki xil 1,5 litrli benzin dvigateli bilan taklif qilinadi. Asosiy atmosferali motor taxminan 115 ot kuchi va 144 Nm moment ishlab chiqaradi. Ushbu dvigatel 6 pog‘onali mexanik uzatma yoki variator bilan birga ishlaydi.

Foto: Yallamotor

Kuchliroq versiya turbomotor bilan jihozlangan. Bu dvigatel 160 ot kuchi va 253 Nm moment ishlab chiqaradi. U mexanik uzatma yoki ikki muftali 7 pog‘onali robot uzatma bilan taklif etiladi. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, bu dvigatel ixcham sedanlar segmentidagi eng kuchli motorlardan biri hisoblanadi.

Raqamli salon va yangi texnologiyalar

Foto: Hyundai

Yangilangan Accent salonida texnologiyalar sezilarli darajada yangilangan. Markaziy panelda ikkita 10,25 dyuymli ekran mavjud. Ulardan biri raqamli asboblar paneli, ikkinchisi multimedia tizimi uchun ishlatiladi.

Sedan, shuningdek, bir qator premium opsiyalar bilan taqdim etiladi. Ular orasida Bose audiotizimi, simsiz zaryadlash, old o‘rindiqlar ventilyatsiyasi, haydovchi o‘rindig‘ining elektr sozlamalari, atmosfera yoritgichi, elektr lyuk va ovozli boshqaruv tizimi mavjud.

Xavfsizlik tizimlari

Respect the Young | The New Hyundai VERNA | Pride. Performance. Proven.

Hyundai yangi modelda xavfsizlik tizimlarini ham sezilarli darajada kengaytirdi. Sedan 7 ta xavfsizlik yostiqchasi bilan jihozlanishi mumkin.

Shuningdek avtomobil 360 darajali kamera, ko‘r zonalarni monitoring qilish, ichki videoregistrator va adaptiv kruiz-kontrol tizimlariga ega.

Bundan tashqari, model ADAS ikkinchi darajali haydovchi yordam tizimlari bilan ham jihozlangan. Umuman olganda Hindiston versiyasida 75 dan ortiq xavfsizlik funksiyalari taklif qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hyundai Ford Ranger va Toyota Tacoma’ga raqib tayyorlayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek