
«Moskvich» kompaniyasi «Moskvich 5» avtomobil loyihasi rasman yopilganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniyaning mahsulot va iste’mol xususiyatlari bo‘yicha menejeri Svetlana Noviskaya ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, model sinovdan o‘tkazilgan, biroq avtomobilning iste’mol xususiyatlari kompaniya kutgan darajada bo‘lmagan.
«Biz modelni sinovdan o‘tkazdik va u biz taklif qilmoqchi bo‘lgan mahsulotga to‘liq mos kelmasligini tushundik. Shuning uchun loyiha yopildi», — dedi Noviskaya.
Ishlab chiqarilgan avtomobillar taqdiri
Loyiha doirasida ishlab chiqarilgan bir necha yuzta avtomobil saqlanib qoladi. Ularning bir qismi ikkilamchi bozorda sotilishi yoki utilizatsiya qilinishi mumkin.
Avtomobillar sertifikatlangan bo‘lgani sababli ularni sotuvga chiqarish imkoniyati mavjud.
Model qanday avtomobil edi
«Moskvich 5» aslida Xitoy avtomobili — Sehol X6 (shuningdek JAC JS5 nomi bilan ham tanilgan) asosida ishlab chiqilgan krossover edi.
Model quyidagi dvigatel variantlari bilan taklif qilinishi rejalashtirilgan edi:
- 1,5 litrli turbo dvigatel — 136 ot kuchi
- 1,5 litrli turbo dvigatel — 174 ot kuchi
Har ikkala versiya variator uzatmalar qutisi bilan ishlaydi.
«Moskvich» boshqa modellarga e’tibor qaratadi
Kompaniya vakillari Moskvich 3 modeli ishlab chiqarishda qolishini va uning mahalliylashtirilishi bo‘yicha katta rejalar borligini ta’kidladi.
Shuningdek, kompaniya kelajakda sedan modellari ustida ham ish olib borayotganini ma’lum qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Moskvich» M70 va M90 krossoverlari narxlarini e’lon qilingani haqida yozgandi.