
Internetda OnePlus kompaniyasining kelajakdagi flagmani OnePlus 16 haqida dastlabki ma’lumotlar paydo bo‘ldi. OnePlus Club ma’lumotiga ko‘ra, yangi smartfon juda kuchli texnik imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Qurilma BOE ishlab chiqargan OLED displey bilan jihozlanishi kutilmoqda. Ekran 1,5K aniqlikka ega bo‘ladi va yangilanish chastotasi 240 Hz gacha yetadi.
Smartfon Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro protsessorida ishlashi mumkin. Shuningdek, u LPDDR6 operativ xotira va UFS 4,1 ichki xotira bilan taqdim etilishi kutilmoqda.
Kamera qismi ham jiddiy yangilanadi. OnePlus 16’da 200 MP periskop kamera bo‘lishi mumkin. Asosiy kamera ham 200 MP bo‘lishi kutilmoqda va Samsung HP5 sensori ishlatilishi ehtimoli bor. Bundan tashqari, yangilangan ultra keng burchakli kamera ham qo‘shilishi mumkin.
Yangi modelning yana bir muhim jihati batareyasi. Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon taxminan 9 ming mA/soat sig‘imli batareyaga ega bo‘ladi. Shuningdek, 120 Vt dan yuqori tezkor zaryadlash va taxminan 50 Vt simsiz zaryadlash qo‘llab-quvvatlanadi.
Smartfonda yangi vibratsiya kuchi, yaxshilangan ultratovushli barmoq izi skaneri va kuchli stereo karnaylar ham bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OnePlus 15R smartfoni xususiyatlari haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, model 6,83 dyuymli AMOLED ekranga ega bo‘lib, uning yangilanish chastotasi 165 Htsni tashkil etadi. Smartfon 8 yadroli Qualcomm Snapdragon 8 Gen5 protsessori hamda 12 GB tezkor xotira bilan ishlaydi.