
O‘zbekistonda afsonaviy miniven — Chevrolet Damas modelining keskin yangilanishi muhokama qilinmoqda. Avtomobil ishqibozlari qiziqarli bir faktga e’tibor qaratishdi: 2026-yil boshida taqdim etilgan versiya unchalik ham yangi emas ekan. Bu haqda SNG Garage World YouTube-kanali avtoblogeri Behzod Qayumov aytdi.
Gap yangi avlod Damas Move haqida ketmoqda. Xitoyda u anchadan beri Wuling Hongguang S nomi bilan tanilgan, boshqa bozorlarda esa Chevrolet N400 yoki Chevrolet Tornado Van nomlari bilan sotiladi. Aynan shu model o‘zbek mikroavtobusi uchun asos bo‘lgan.
Xitoy allaqachon oldinga o‘tib ketgan
Blogerning aytishicha, O‘zbekiston uchun tanlangan kuzov versiyasi Xitoyda deyarli sakkiz yil oldin paydo bo‘lgan. Shu bilan birga, Xitoy bozorida allaqachon undan ham yangi modifikatsiya — Wuling Hongguang Plus sotilmoqda.
«Yangi Damasda menga yoqmaydigan narsa bizga yana eski versiya berilgani», – deydi bloger.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Plus versiyasi ancha zamonaviy ko‘rinadi: old qismi dizayni boshqacha, optikasi ixchamroq va umuman olganda tashqi ko‘rinishi jozibaliroq.

Turbo dvigatel paydo bo‘ldi
Yangilangan modelning Xitoydagi versiyasida turbo dvigatel ham paydo bo‘lgan. Hajmi 1,5 litr bo‘lgan motor 135 ot kuchigacha quvvat beradi, bu esa avtomobilni sezilarli darajada kuchliroq qiladi. 2026-yilgi o‘zbek «Damas»ining maksimal quvvati esa 103 ot kuchini tashkil etadi.
Shu bilan birga, minivenning asosiy konsepsiyasi o‘zgarishsiz qolgan:
- mexanik uzatma qutisi,
- qattiq osma,
- sodda va utilitar konstruksiya.
Salon zamonaviyroq bo‘ldi
Wuling Hongguang Plus salonida ham yangilanishlar mavjud:
- multimedia ekrani;
- orqa ko‘rish kamerasi;
- kruiz-kontrol;
- ekoko‘r bilan qoplama;
- barcha eshiklarda elektr oynako‘taruvchilar;
- disk tormozlar.
Shuningdek, turli konfiguratsiyalar mavjud, jumladan, ikkinchi qatorida kapitan o‘rindiqlari bo‘lgan versiyalar ham taklif etiladi.
«Salon umuman olganda hozirgi versiyaga o‘xshaydi, lekin biroz zamonaviyroq ko‘rinadi», – deydi Qayumov.

Model allaqachon bestsellerga aylangan
Xitoyda bu minivenlar juda katta hajmda sotilgan. Blogerning aytishicha, faqat mahalliy bozorda 4,5 millionga yaqin avtomobillar realizatsiya qilingan.
Hatto hashamatli o‘rindiqlar, dekorativ yoritish va qo‘shimcha jihozlar bilan jihozlangan tyuning versiyalari ham paydo bo‘lgan.
Umid so‘nmaydi
Avtomobil ishqibozlari ishlab chiqaruvchi Xitoy hamkorlari bilan kelishib, Chevrolet Damas’ning yanada yangi versiyasini yo‘lga qo‘yishiga umid qilmoqda.
«Biz uchun avtomobillar o‘n yildan keyin emas, balki o‘z vaqtida sotilishi muhim», – deydi bloger.
Uning bahosiga ko‘ra, agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, yangilangan Damas narxi taxminan $15 ming bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi Chevrolet Damas Max va Move sotuvi boshlangani haqida yozgan edi.
Narxlar:
| Model | Narx |
|---|---|
| DAMAS MAX VAN 1.2 LV0 | 134 439 000 so‘m |
| DAMAS MAX VAN 1.5 LV0 | 142 471 000 so‘m |
| DAMAS MOVE PAS 1.2 LV0 | 139 675 000 so‘m |
| DAMAS MOVE PAS 1.2 LV1 | 144 563 000 so‘m |
| DAMAS MOVE PAS 1.5 LV0 | 149 011 000 so‘m |
| DAMAS MOVE PAS 1.5 LV1 | 154 128 000 so‘m |