
Samsung kompaniyasi Galaxy smartfonlarida sun’iy yo‘ldosh orqali ishlay oladigan ilovalar ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu funksiya mobil tarmoq mavjud bo‘lmagan hududlarda ham ba’zi xizmatlardan foydalanish imkonini beradi.
Galaxy sozlamalarida aniqlangan ro‘yxatga Find My Mobile, Google Maps, Google Play Services, Grok, Facebook Messenger, Messages, Samsung Account, Samsung Find, Samsung Health, Weather, WhatsApp va X ilovalari kiradi. Funksiya mavjudligini «Sozlamalar» → «Ulanishlar» → «Sun’iy yo‘ldosh» bo‘limida tekshirish mumkin. Agar bo‘lim ko‘rinmasa, qurilma to‘g‘ridan-to‘g‘ri sun’iy yo‘ldosh aloqasini qo‘llab-quvvatlamaydi.
Samsung sun’iy yo‘ldosh operatorlari bilan bevosita ishlamaydi, kompaniya mobil operatorlar orqali hamkorlik qiladi. Yevropada hamkorlar sifatida MasOrange, Virgin Media O2 va Vodafone, Yaponiyada Docomo, KDDI, Rakuten Mobile va SoftBank, Shimoliy Amerikada esa AT&T, Verizon va T-Mobile ko‘rsatilgan.
Foydalanish imkoniyatlari hududga qarab farq qiladi. Ba’zi mamlakatlarda sun’iy yo‘ldosh orqali qo‘ng‘iroq, xabar va ma’lumot uzatish ishlaydi, boshqalarida esa faqat matnli xabarlar yoki favqulodda xizmatlar mavjud. Aksariyat hududlarda Galaxy S22 va yangi modellari ushbu funksiyani qo‘llab-quvvatlaydi, ayrim hududlarda esa ba’zi Galaxy A modellari ham mavjudlikka ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Maps’da yangi sun’iy intellekt funksiyalari paydo bo‘lishi haqida yozgan edik.