
2026-yilgi O‘zbekiston Superkubogi uchun kechgan o‘yinda Superliga g‘olibi «Neftchi» hamda mamlakat kubogi sohibi «Paxtakor» jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Andijon shahridagi «Bobur Arena» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuv farg‘onaliklarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Uchrashuv taqdirini hal qilgan yagona gol 17-daqiqada kiritildi. «Neftchi» yarim himoyachisi Ratinyo darvozabondan qaytgan to‘pni aniq zarba bilan darvozaga joylab, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda teng kurashlar kuzatilgan bo‘lsa-da, o‘yin yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi.
Ushbu natija orqali bosh murabbiy Islom Ismoilov boshqaruvidagi «Neftchi» klubi o‘z tarixida birinchi marta Superkubokni qo‘lga kiritdi. Aksincha, «Paxtakor» jamoasi mazkur sovrin uchun o‘zining 8-uchrashuvida maydonga tushib, 6-bor imkoniyatni boy berdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilgi Superkubok uchrashuvida «Nasaf» klubi «Andijon» jamoasini xuddi shunday 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Islombek Ismoilov «Neftchi» klubi bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.