Abduqodir Husanov jahon futbolida yetarlicha e’tirof qilinmayotgan yulduzlar qatoriga kirdi

O‘zbekiston terma jamoasi hamda «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov zamonaviy futbolning yetarlicha e’tirof etilmayotgan o‘yinchilari ro‘yxatiga kirdi. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, futbolchining «Chelsi»ga qarshi ilk o‘yini ko‘pchilikda shubha uyg‘otgan. Shunga qaramay, himoyachi qisqa vaqt ichida o‘zini tikladi, klub esa uning transferi bejiz emasligini amalda ko‘rsatib berdi.
Mutaxassislar Husanovning tezligi, maydondagi vaziyatni tez anglash qobiliyati hamda agressiv himoyaviy uslubini alohida ta’kidlamoqda. U hali yosh bo‘lishiga qaramay, Yevropa top-ligalarida orttirgan tajribasi bilan istiqbolli markaziy himoyachilardan biri sifatida qaralmoqda.
Ro‘yxatga yana bir qator mashhur futbolchilar ham kiritilgan. Jumladan, Federiko Valverde (Real Madrid), Bernardu Silva (Manchester Siti), Harri Keyn (Bavariya), Viktor Osimhen (Galatasaroy), Harri Maguayr (Manchester Yunayted), Joau Neves (PSJ) hamda Maykl Olise (Bavariya) kabi futbolchilar bor.
Shuningdek, Stanislav Lobotka (Napoli), Domeniko Berardi (Sassuolo) va Jordan Pikford (Everton) kabi futbolchilar ham ro‘yxatdan o‘rin olgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov ota bo‘lgani haqida yozgandi.