
19-martga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasining 1/8 final javob uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, «Barselona», «Bavariya», «Liverpul» va «Atletiko Madrid» jamoalari turnirning chorak final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
«Barselona» – «Nyukasl Yunayted» 7:2 (8:3)

«Barselona» o‘z maydonida «Nyukasl Yunayted»ni qabul qilib, yirik hisobda g‘alaba qozondi. Rafinya va Robert Levandovski ikkitadan gol urib, jamoasining muvaffaqiyatiga katta hissa qo‘shdi. Mehmonlar safida Entoni Elanga birinchi bo‘limda ikki bor hisobni tenglashtirishga erishgan bo‘lsa-da, kataloniyaliklar ikkinchi bo‘limda to‘liq ustunlikni o‘z qo‘liga oldi.
Uchrashuvda Lamin Yamal, Mark Bernal va Fermin Lopes ham o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi. «Nyukasl» himoyadagi qator xatolar sababli javobsiz beshta gol o‘tkazib yubordi. Natijada Hansi Flik shogirdlari chorak finalga ishonchli tarzda yo‘l oldi. Keyingi bosqichda kataloniyaliklar Madridning «Atletiko» klubi bilan to‘qnash keladi.
«Bavariya» – «Atalanta» 4:1 (10:2)

Myunxenning «Bavariya» klubi «Atalanta» ustidan navbatdagi ishonchli g‘alabaga erishib, umumiy 10:2 hisobida keyingi bosqichga chiqdi. Harri Keyn uchrashuvda dubl qayd etib, Chempionlar ligasidagi gollari sonini 50 taga yetkazdi. Angliyalik hujumchi bu natijaga 66 ta o‘yinda erishib, Lionel Messining rekordini takrorladi.
Shuningdek, Luis Dias va 18 yoshli Lennart Karl bittadan gol kiritib, myunxenliklarning yirik g‘alabasini ta’minladi. Italiya klubi safida Lazar Samarjich o‘yin oxirida yagona javob to‘pini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. «Bavariya» chorak finalda «Real Madrid» bilan kuch sinashadi.
«Tottenhem» – «Atletiko Madrid» 3:2 (5:7)

Londonda kechgan bahsda «Tottenhem» Ispaniyaning «Atletiko» klubini mag‘lub etgan bo‘lsa-da, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra turnirni tark etdi. Dastlabki o‘yindagi yirik mag‘lubiyatdan so‘ng londonliklar Randal Kolo Muani hamda Xavi Simonsning gollari evaziga o‘z muxlislariga umid bag‘ishlagan edi.
Biroq Diego Simeone shogirdlari Xulian Alvares va David Xankoning aniq zarbalari orqali umumiy hisobdagi ustunlikni saqlab qoldi. Bu Igor Tudor boshqaruvidagi «Tottenhem»ning ilk g‘alabasi bo‘ldi, ammo jamoa o‘z e’tiborini ichki chempionatdagi jon saqlab qolish kurashiga qaratishga majbur.
«Liverpul» – «Galatasaroy» 4:0 (4:1)

Dastlabki o‘yindagi mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan «Liverpul» o‘z maydonida «Galatasaroy» darvozasiga javobsiz to‘rtta to‘p kiritdi. Dominik Soboslai hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda Ugo Ekitike, Rayan Gravenberx va Muhammad Saloh ketma-ket raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Muhammad Saloh uzoq masofadan ajoyib gol urib, Chempionlar ligasida 50 ta gol urgan birinchi afrikalik futbolchiga aylandi. Shu tariqa Arne Slot boshqaruvidagi mersisaydliklar chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va bu bosqichda Fransiyaning PSJ klubiga qarshi bahs olib boradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan YChLning 1/8 final bosqichining javob uchrashuvlari haqida xabar bergan edi.