
General Motors 2026-yilda qaytarib olish kampaniyasini kengaytirib, qariyb 80 mingta avtomobilni qamrab olishini ma’lum qildi. Bu haqda Motor nashri xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, asosiy kampaniya 40 mingdan ortiq avtomobillarga taalluqli. Muammo transmissiyani boshqarish klapanining yeyilishi bilan bog‘liq. Bu tizimdagi bosimning pasayishiga olib keladi. Kam hollarda esa harakat paytida orqa g‘ildiraklar bloklanishi mumkin. Bu esa avariya xavfini oshiradi.
Nosozlikni bartaraf etish uchun dilerlar yangilangan dasturiy ta’minotni o‘rnatmoqda. U transmissiya qismlarining holatini nazorat qiladi va muammo yuzaga kelishidan oldin ogohlantiradi.
Bundan tashqari, 2025 – 2026-yillarda ishlab chiqarilgan qariyb 11,7 mingta og‘ir pikap ham alohida chaqirib olinadi. Ushbu modellarda orqa yonilg‘i nasosidagi nosozlik sabab dvigatel harakat vaqtida to‘xtab qolishi mumkin.
Qaytarib olish kampaniyasiga Chevrolet Tahoe, Chevrolet Suburban, GMC Yukon, GMC Yukon XL, Cadillac Escalade, Chevrolet Silverado va GMC Sierra modellari kiradi. Alohida ro‘yxatda esa Chevrolet Silverado 3500 va GMC Sierra 3500 qayd etilgan.
Avvalroq General Motors Hyundai bilan hamkorlikda yangi avlod Chevrolet modellari ustida ish olib borayotgani haqida xabar berilgandi.