General Motors kompaniyasi Chevrolet Tracker modelining 2026-yilgi yangilangan versiyasini Chili bozorida taqdim etdi. Bu haqda Tarantas News nashri xabar berdi.
Krossoverning tashqi ko‘rinishi qayta ishlangan, salon yangilangan va zamonaviy xavfsizlik hamda multimedia tizimlari bilan boyitilgan. Eng muhim yangiliklardan biri — endi model qatorida boshlang‘ich (arzon) versiyalar yo‘q. Xaridorlarga faqat yuqori darajadagi LTZ va Premier komplektatsiyalari taklif etiladi.
Bu o‘zgarish avtomobilning boshlang‘ich narxi oshishiga olib kelgan bo‘lsa-da, barcha versiyalar boy standart jihozlar bilan taqdim etiladi.
Texnik jihatdan avtomobil 1,2 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, u 132 ot kuchi va 190 Nm aylanish momentini taqdim etadi. Dvigatel 6 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Shuningdek, rul boshqaruvi, osma tizimi va turbina ishlashi ham takomillashtirilgan.
Yangi Tracker martning oxiridan boshlab sotuvga chiqariladi, avtomobillar Braziliyadagi zavoddan yetkazib beriladi. Xaridorlarga 6 xil rang varianti hamda 5 yil yoki 100 ming km kafolat taqdim etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi Chevrolet Damas Xitoy originali bilan solishtirilgani haqida yozgandi.