
Apple kompaniyasi iPhone tarixidagi eng katta yangilanishlardan birini tayyorlamoqda. Bu haqda Bloomberg jurnalisti Mark Gurman ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya yaqin yillarda ikkita muhim qurilmani taqdim etadi: buklanadigan iPhone va to‘liq ramkasiz model. Buklanadigan smartfon allaqachon 2026-yilda chiqarilishi kutilmoqda, ramkasiz iPhone esa 2027-yilda – iPhone’ning 20 yilligi munosabati bilan taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Yangi avlod qurilmalari ustida John Ternus boshchiligidagi jamoa ishlamoqda. U ko‘plab ekspertlar tomonidan Tim Cookning ehtimoliy vorisi sifatida ham ko‘riladi.
Buklanadigan iPhone dizayni Samsung Galaxy Z Fold 7 kabi kitob shaklida ochiladigan bo‘lishi mumkin. Ichki ekran taxminan 7,7 dyuym, tashqi displey esa 5,3 dyuym bo‘lishi kutilmoqda.
Insayder Ming-Chi Kuo prognoziga ko‘ra, qurilma ikki asosiy kamera, bitta old kamera va Face ID o‘rniga Touch ID tugmasi bilan jihozlanishi mumkin.
Eng katta e’tibor esa 2027-yilgi yubiley modeliga qaratilgan. U butunlay ramkasiz, egilgan shisha korpusli bo‘lib, ekranda hech qanday kesma bo‘lmaydi – old kamera ekran ostiga joylashtiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple iOS 26.4 yangilanishini taqdim etgani haqida yozgandi.